4 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev BMT Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasi a'zosi professor Markus Shefer bilan uchrashdi.
Uchrashuv poytaxtimizda O'zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining ratifikatsiya qilinishi masalasi bo'yicha tashkil etilgan jamoatchilik eshituvi doirasida bo'lib o'tdi.
Muloqot chog'ida mehmonga mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining bu muhim jarayondagi o'rni va ahamiyati xususida so'z yuritildi.
Xususan, Markaz tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik bo'yicha chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilgan. Unda belgilangan vazifalar hozirgi kunga kelib to'la bajarildi.
Professor M.Shefer ushbu tadbirga taklif etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida ham nogironlar huquqlariga doir masalalar, jumladan, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya qoidalarini o'qitishni tashkil etish bo'yicha hamkorlikka tayyor ekanini qayd etdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.12.2019
- Ko'rishlar: 5181
- Chop etish