12 aprel kuni Jeneva shahrida Yoshlar huquqlariga bag'ishlangan xalqaro onlayn seminar bo'lib o'tdi. Tadbir BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining “Yoshlar va inson huquqlari” nomli 41/13- rezolyutsiyasi asosida tashkil etildi.
Ushbu seminarni o'tkazishdan maqsad – yoshlarning inson huquqlarini amalga oshirishda duch keladigan kamsitish va muammolarni aniqlash, BMTning tegishli mexanizmlari doirasida yoshlar huquqlarining nufuzini oshirish hamda bu borada BMTga a'zo davlatlar va Inson huquqlari bo'yicha kengash tomonidan ishlab chiqiladigan chora-tadbirlarni belgilab olishdan iborat.
Tadbirni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bachelet, BMT Bosh kotibining Yoshlar bo'yicha vakili Jayatma Vikramanayake, Salvadorning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi vakolatxonasi va Jenevada joylashgan boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Aleksandr Martelli kirish so'zlari bilan ochib berdi.
Anjuman ishiga BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining Bolalar va yoshlar huquqlari bo'yicha jamoa yetakchisi Imma Guerras-Delgado moderatorlik qildi. Yoshlar huquqlariga bag'ishlangan seminarning birinchi qismida yoshlarning o'z huquqlarini amalga oshirishda duch keladigan qiyinchiliklar va muammolar atroflicha ko'rib chiqildi.
Ko'plab xalqaro tashkilotlar va yoshlar masalalari bilan shug'ullanuvchi tuzilmalar rahbarlari so'zga chiqdi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining yetakchi iqtisodchisi Nial Xiggins, Advokatlik ishlari bo'yicha muvofiqlashtiruvchi Popi Stenburi, Ta'lim jamg'armasining asoschisi va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha yosh yetakchi Tania Roz, Tinch Yoshlar kengashi a'zosi Taxire Sisilafia va Zimbabve tibbiyot muassasalari tarmog'i direktori Gif Dzoray yoshlarning xalqaro va mintaqaviy darajadagi dolzarb muammolari xususida fikr yuritdi.
Kunning ikkinchi yarmida inson huquqlari mexanizmlarida yoshlar manfaatlarini hisobga olish masalalari hamda xalqaro miqyosda yoshlar va inson huquqlari sohasidagi keyingi qadamlar muhokama qilindi. Bu mavzuda bir qator ma'ruzachilarning chiqishlari tinglandi.
Xalqaro anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov yoshlar va inson huquqlariga bag'ishlangan murojaati bilan ishtirok etdi.
Mamlakatimiz vakili, avvalambor, seminar ishtirokchilariga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasi Yuqori darajadagi segmentida yoshlarning huquqlari va erkinliklari bo'yicha ilgari surgan tashabbuslari va yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan maqsadli ishlar to'g'risida ma'lumot berdi.
A.Saidov ta'kidlaganidek, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlash O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli siyosatning ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida yoshlar huquqlariga doir:
BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;
BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;
BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish tashabbuslarini ilgari surgani to'g'risida atroflicha so'z yuritildi.
Onlayn anjuman davomida, shuningdek yoshlarning integratsiyalashuvi jarayonini yanada kengaytirish imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Istiqbolda yoshlar va inson huquqlari bo'yicha xalqaro miqyosda qo'yiladigan qadamlar muhokama qilindi.
Xalqaro seminar yakunida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqish yuzasidan takliflar berildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.04.2021
- Ko'rishlar: 3435
- Chop etish