Mintaqaviy uchrashuvda migrantlarning pul o'tkazishi masalalari muhokama qilindi

O'zbekistonda joriy yilning "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilingani munosabati bilan tasdiqlangan Davlat dasturida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirish vazifasi belgilangan. 28 aprel kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda o'tkazilgan onlayn uchrashuv bu borada muhim qadam bo'ldi.

Muloqot “Migrantlarning va oila a'zolarining pul mablag'larini ko'chirish va bank mahsulotlariga doir siyosat sohasidagi ehtiyojlari” mavzuida tashkil etildi. Unda Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining markaziy, milliy hamda tijorat banklari vakillari ishtrirok etdi.

Tadbirdan maqsad – pandemiya inqirozining migrantlarga ko'rsatgan ijtimoiy-iqtisodiy ta'siriga taalluqli holatlar bilan bank sohasi vakillarini tanishtirish, moliya xizmatlarini raqamlashtirish muammolari va imkoniyatlarini muhokama qilish, migrantlar va oila a'zolarining pul mablag'larini ko'chirish hamda bank mahsulotlariga doir siyosat sohasidagi ehtiyojlarini o'rganishdan iboratdir.

BMT va Xalqaro migratsiya tashkilotining yetakchi ekspertlari uchrashuv ishtirokchilarini moliya xizmati bozorida pul ko'chirish ishlari bo'yicha joriy holatning o'rganilishi natijalari bilan tanishtirdilar.

Shuningdek, migrantlar va oila a'zolarining pul mablag'larini ko'chirish, olish, saqlash hamda investitsiya qilish borasidagi bilimi, ko'nikma va amaliyotlari atroflicha tahlil qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech