O'zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamaci uchun e'lon qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan.
Loyihada Strategiyani amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari belgilab berilgan. Xususan, shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo'nalishlar quyidagilardan iborat:
- shaxsiy va siyosiy huquqlarga oid xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishi yuzasidan davlat organlari va mansabdor shasxlarning ma'suliyatini oshirish;
- xalqaro huquq printsiplari va normalari hamda O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qo'llanilishi, xalqaro huquq ustuvorligi printsipini amalga oshirishning samarali mexanizmini yaratish;
- insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashda, sudning odil va tashqi ta'sirlardan mustaqil bo'lgan qarorlari qabul qilinishini ta'minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish;
- sud jarayonlarida tenglik va tortishuvlilik tamoyillarini to'la amalga oshirish, advokatlikni aholining ishonchini qozonadigan, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish, malakaviy yuridik yordam sifatini hamda advokat kasbining nufuzini oshirish;
- fuqarolarni tengsizlikning ko'rinishlaridan hamda aholining zaif qatlami vakillarini kamsitilishdan himoya qilishni ta'minlash;
- xalqaro majburiyatlardan kelib chiqib propiska tizimini isloh qilish, mamlakat hududida fuqarolarning bir joydan ikkinchi joyga erkin ko'chish va turar joyni erkin tanlash huquqini ta'minlash;
- insonning shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqini ta'minlash mexanizmini takomillashtirish;
- O'zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili va madaniyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni ta'minlash mexanizmini takomillashtirish;
- bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimini takomillashtirish, voyaga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov institutini joriy etish, bolaning manfaatlarini eng yaxshi ta'minlash printsiplarini amaliyotga yanada samaraliroq joriy etish;
- jinoyat protsessida guvohlarning huquqlari va xavfsizligini ta'minlash mexanizmini takomillashtirish;
- odam savdosiga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, qarovsiz qolgan bolalarni, bolalar va ayollarning fohishabozligi va pornografiyasining sabablari va sharoitlarini aniqlashga kompleks yondashuvni ishlab chiqish, jabrdiydalarni reabilitatsiya qilish mexanizmini takomillashtirish;
- yuvenal adliya tizimini joriy etish, yetim bolalar va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, bola huquqlariga oid xalqaro standartlar qoidalarini implementatsiya qilish va mazkur sohada huquqni qo'llash amaliyoti ustidan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash;
- aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini, saylov madaniyatini oshirish, adolatli va erkin saylovlarga oid xalqaro standartlarni hisobga olgan holda saylovlarni tashkil etish va o'tkazish tizimini yanada takomillashtirish;
- inson huquqlari va erkinliklariga oid xalqaro standartlarni ta'minlashda, jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy shikoyatlari institutini joriy etishda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roli va o'rnini oshirish;
- davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish, mamlakat ichki va tashqi siyosatining eng muhim vazifalarini hal etishda, shuningdek ijroiya hokimiyat faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda parlament vakolatlarini yanada kengaytirish;
- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish;
- jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish;
- to'laqonli fuqarolik va axborot (raqamli) jamiyatining mavjudligi va rivojlanishining eng muhim omillaridan biri sifatida ma'lumotlar olish imkoniyatlarini hamda fikrni erkin izhor etishni ta'minlash;
- fuqarolik jamiyati institutlarini moliyalash vositalari va mexanizmlarini takomillashtirish.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.02.2020
- Ko'rishlar: 5959
- Chop etish