Bugungi kunda O'zbekiston “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g'oya asosida o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo'ymoqda.
Xususan, bu jarayonda yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, Muhammad Rizo Ogahiy, Is'hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida eng avvalo o'zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o'rganish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev boshchiligidagi delegatsiya a'zolari ishtirokida Marg'ilon shahrining Erkin Vohidov nomidagi maktab-internatida tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda shu haqda so'z bordi. Tadbir Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganligining 30 yilligiga bag'ishlandi.
Xalqaro hamjamiyat ushbu muhim sanani 2019 yil 20 noyabrda nishonlaydi. BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi Bosh Assambleya tomonidan 1989 yili qabul qilingan va 1990 yili kuchga kirgan. Dunyodagi 196 ta davlat, shu jumladan, BMT a'zosi bo'lmagan Vatikan kabi davlatlar ham mazkur Konventsiya ishtirokchilari hisoblanadi.
O'zbekiston Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo'shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat mamlakatimiz uchun 1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyuldagi qaroriga asosan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tadbirlar dasturi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini bajarish yo'lida navbatdagi muhim qadam bo'ldi.
Dastur ijrosi doirasida, davlat va nodavlat tuzilmalarda mavjud salohiyat va resurslardan foydalangan holda, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya normalari aholi o'rtasida keng targ'ib qilinmoqda.
Ayniqsa, bola huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar haqida joylardagi bolalar manfaatlari yo'lida ishlayotgan tegishli davlat va jamoat tuzilmalarini maqsadli, kompleks va tizimli xabardor qilishni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat O'zbekistonda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash yo'lida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarning o'ziga xos ko'zgusidir. Mazkur maktabda o'quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Muassasaning moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablar asosida mustahkamlangan. Bu yerda yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali mavjud bo'lib, ular zarur o'quv-laboratoriya jihozlari hamda komp`yuter texnikasi, o'quv-metodik majmualar, o'qituvchilar uchun metodik qo'llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlangan.
Maktab-internatda bo'lib o'tgan uchrashuvda o'quvchilar O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov she'rlaridan va o'z ijodlaridan namunalar o'qib berishdi. Nazm – navoga, kuy qo'shiqlarga ulandi.
Markaz vakillari Erkin Vohidov memorial muzeyida ham bo'ldilar.
Ma'lumot uchun: Davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 dekabrdagi «O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to'g'risida”gi qarori asosida Marg'ilon shahrida ijodkorlar bog'i bunyod etilib, Erkin Vohidovning haykali o'rnatilgan. Bog'da ulug' shoirning memorial muzeyi ishlab turibdi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 maydagi qarori bilan Marg'ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o'qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etilgan.
Maktab-internat direktori Nigora Mannopovaning qayd etishicha, mazkur ta'lim muassasasini tashkil etishdan maqsad, bir tomondan, sevimli shoirimiz Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish bo'lsa, ikkinchi tomondan, shoir izdoshlarini kashf etish va ularning o'z iste'dodlarini keng namoyon qilishlari uchun sharoitlar yaratishdir. Shu maqsadda ilk o'quv yilida 5-8 - sinflarga 150 nafar iste'dodli o'quvchi qabul qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.11.2019
- Ko'rishlar: 5300
- Chop etish