Ushbu umumshior bilan mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko'rilmoqda. Xalq deputatlari tuman Kengashiga saylov o'tkazuvchi Piskent tumani saylov komissiyasidagi muloqot ham ayni shu jarayonga bag'ishlandi, deb xabar berdi "Piskent hayoti" gazetasi sayti.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining maslahat guruhi a'zosi Ma'ruf Usmonov Piskent tumani saylov komissiyasi raisi va a'zolari bilan uchrashib, shu yil 22 dekabrda o'tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlarga tayyorgarlik ko'rish, jarayonning umumiy, teng va oshkoraligini ta'minlash borasida huquqiy maslahatlar berdi.
Shuningdek saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki, siyosiy jarayonni yoritishda ommaviy axborot vositalarining o'rni, siyosiy partiyalarning saylovga yondashuvi haqida mushohada yuritildi.
Tadbirdan so'ng M.Usmonov siyosiy partiyalarning tuman kengashlari huzurida bo'lib, ularning ish faoliyati bilan tanishdi.
Ma'lumot uchun: Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 20 oktyabridan – 20 noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targ'iboti oyligi”ni tashkil etishga doir qaror qabul qildi. Bu qaror milliy saylov qonunchiligimizdagi muhim o'zgarishlarni, avvalo, saylov tashkilotchilariga o'rgatish, jamoatchilik o'rtasida keng targ'ib qilish borasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan izchil ishlarning uzviy davomidir.
Markaziy saylov komissiyasining mazkur qarori mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va qabul qilindi. Endi uning ijrosini ta'minlashga ham ko'plab hamkorlar bilan birgalikda kirishildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.10.2019
- Ko'rishlar: 5687
- Chop etish