Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning roli to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2026-yil 24-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi "Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida" rezolyutsiya qabul qildi.

Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifodalovchi BMTga a’zo 61 ta davlat hammuallif bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Rezolyutsiya muhokamasi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi Doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov mazkur hujjatni qabul qilish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan taklif qilinganini, jumladan bu global ijtimoiy rivojlanish kun tartibini ilgari surishga hamda xalqaro hamkorlikning parlament mezonini mustahkamlashga O‘zbekistonning hissasi bo‘lganini ta’kidladi.

Rezolyutsiyada 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, munosib bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyanini qo‘llab-quvvatlash orqali parlamentlarning asosiy roliga urg‘u beriladi. Hujjatda alohida e’tibor xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini oshirish, ijtimoiy rivojlanish uchun raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilgani hamda ijtimoiy rivojlanish va ijtimoiy adolat yo‘lida parlament harakati to‘g‘risida Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilingani ham e’tirof etilgan.

Hujjatda BMTga a’zo davlatlar 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlariga, jumladan ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash, milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish hamda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash jarayoniga parlamentlarni yanada faol jalb etishga chaqiriladi. Bundan tashqari, rezolyutsiyada BMTning yirik tadbirlarida parlament a’zolarining ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi taraqqiyotni baholash samaradorligini oshirish uchun milliy statistika tizimlarini takomillashtirish tavsiya etiladi.

Hujjat qabul qilinishidan avval O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan keng ko‘lamli siyosiy-diplomatik ishlar olib borildi. Muzokaralar jarayonida bir qator rasmiy maslahatlashuvlar, shuningdek, ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi, bu esa BMT hujjatlarining universalligi tamoyillariga javob beradigan va barcha a’zo davlatlarning manfaatlarini hisobga oladigan muvozanatli matnni kelishib olishga imkon berdi.

Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslarining xalqaro miqyosdagi yuksak nufuzi va mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlik, ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanishni ilgari surishga qo‘shgan hissasi keng e’tirof etilganining yana bir dalili bo‘ldi. Hujjat, shuningdek, O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar tashkiloti doirasida global yechimlarni ishlab chiqishdagi roli ortib borayotganini tasdiqlaydi va xalqaro hamjamiyatning inklyuziv hamda barqaror rivojlanishga erishishning muhim vositasi sifatida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini aks ettiradi.

 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Nashr sanasi 27.07.2026 Ko'rishlar 25
Ulashish