Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi tomonidan namoyon etilgan tahsinga sazovor yetakchilik va maqtovga loyiq mavqe minatdorlik hissini uyg'otdi. Islom ta'limoti va xalqaro inson huquqlari normalariga muvofiq yoshlar huquqlarini yaxshiroq tushunishni rag'batlantirish uchun Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo barcha davlatlar va Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarur.
Bu e'tirof va ta'kidlar Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasida bayon etilgan. Toshkent Deklaratsiyasi shu yil 7-8 oktyabr` kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari yakuniy hujjati sifatida qabul qilindi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'zining yirik xalqaro anjumaniga nima sababdan ayni shu mavzu, ya'ni yoshlar huquqlari masalasini tanladi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Chindan ham, bu bejiz emas.
Bugungi kunda yoshlar aksariyat mamlakatlarda, ayniqsa, IHTga a'zo davlatlarda aholining katta qismini tashkil etadi. Bizning ushbu aholi qatlamiga nisbatan befarq yondashuvimiz jamiyatlarimizdagi barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni tahdid ostiga qo'yishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, IHT Komissiyasi yoshlarning huquqlari va salohiyatlari tinchliksevar va demokratik jamiyatlar barpo etishda muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda mazkur seminarni o'tkazdi. Seminar davomida inson huquqlari sohasida yoshlar bilan bog'liq qanday muammolar mavjudligini aniqlash va ularni hal etishning eng maqbul yo'llari belgilandi.
Seminarda yoshlar huquqlarini davlat siyosati darajasiga chiqarishning yo'llari va usullariga doir takliflar ham ishlab chiqilgani g'oyat ahamiyatlidir. Bu borada amalga oshiriladigan muhim chora-tadbirlar yosh avlodga hayotning barcha sohalarini rivojlantirishda, shu jumladan barqaror taraqqiyotni ta'minlashga ko'maklashishda hissa qo'shish uchun imkoniyatlar yaratishiga ishonchimiz komil.
Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqi inson huquqlari sohasini insoniyatga nisbatan vahshiylik oqibatlariga qarshi kurashdan dunyoning kelajagini belgilaydigan sohaga o'zgartirishi mumkin bo'lgan tashabbusning boshlang'ich nuqtasi bo'lib xizmat qilishni alohida ta'kidlash lozim.
Davlatimiz rahbarining BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish taklifi bilan jahon hamjamiyatiga murojaat qilgani zamirida qanday ezgu g'oya mujassam? Fikrimizcha, ko'plab yoshlar terrorchilik tashkilotlariga jalb qilinayotgani va yollanayotganini hisobga olgan holda kiritilgan ushbu muhim taklifdan
ko'zlangan asosiy maqsad dunyo mamlakatlarining yoshlarga oid siyosatini belgilab beradigan va yo'naltiradigan zamonaviy xalqaro huquqiy hujjatga ega bo'lishdan iboratdir.
Binobarin, O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, dunyo miqyosida muvofiqlashtirilgan strategiyalardan foydalangan holda jahon yoshlari muammolarini hal qilish 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tomonidan sodir etilgan boshqa jinoyatlar qatori ekstremizmga qarshi kurashish hamda avvalo ularning muammolari sabablariga barham berishga qaratilgan.
Islom dini yoshlar hayotida, ularning jamiyat taraqqiyotida tutgan o'rnini belgilashda ulkan ahamiyatga ega. Shu ma'noda, yoshi ulug' insonlar navqiron avlodlarga yuksak o'rnak ko'rsatishi, o'zimiz yashayotgan islom jamiyatining tayanch ustunlari bo'lmish qadriyatlar tizimini qo'llab-quvvatlash va avlodlarga yetkazish borasida o'sib kelayotgan farzandlarimizga munosib namuna bo'lishi lozim.
Shuningdek, faol insonlar va siyosatchilar sifatida ham yoshlarimizning xulq-atvori shakllanishiga e'tibor qaratishimiz talab etiladi. Xususan, farzandlarimizning ijobiy kuch-quvvatini kamsitishlarsiz jamiyat barpo etishga yo'naltirishimiz zarur.
Yoshlar huquqlari – bu navqiron avlod o'zining asosiy huquqlari va erkinliklarini to'la ro'yobga chiqarishi, deganidir. Bu huquq va erkinliklardan har bir inson foydalanishi zarur bo'lgani holda, ayrimlarga yoshi nuqtai nazaridan bu borada cheklovlar qo'yiladi. Bunday holatlar esa o'sib kelayotgan avlodlarga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi. Bu kabi vaziyatlar ba'zan ochiq, ya'ni yosh bo'yicha cheklovlar misolida namoyon bo'ladi.
Ba'zan esa bunday vaziyatni sezish oson emas, ya'ni yoshlarga nisbatan salbiy munosabat yashirincha qarashlar, yov tushuncha va e'tiqodlar zamirida yotgan bo'ladi. Oqibatda esa yoshlar o'z huquqlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo'lib qolaveradilar.
Navqiron avlodning yoshi nuqtai nazaridan turli g'ov-to'siqlarga duchor bo'layotganini hisobga olsak, yoshlarni, ayniqsa, qiz bolalarni ularga qarshi qaratilgan kamsitishlardan himoya qilish uchun astoydil kurashish zarurligi yaqqol ayonlashadi.
Hozirgi kunda IHTga a'zo ko'pgina mamlakatlarda yoshlar huquqlari borasidagi ahvol qoniqarlilik darajasidan ancha quyida ekanidan ko'z yumib bo'lmaydi. Navqiron qatlamning katta qismi faol emas, faol ish izlayotgan yoshlar esa jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
Musulmon olami yoshlarining ijtimoiy harakatchanligi cheklangani hamda ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va siyosiy faoliyatda ishtirok etishlariga turli cheklovlar qo'yilgani oqibatida ular qattiq ruhiy zarbani his etib yashamoqda. Aksar hollarda navjuvon ayollar va bo'y qizlarning zaxiralar, tovarlar va xizmatlardan foydalanishi borasidagi tengsizliklar tufayli ko'pincha ular yigitlarga nisbatan ham ko'proq ziyon ko'rmoqda.
G'oyat faol kibermakon mavjud bo'lgan hozirgi zamonaviy sharoitda imkoniyatlar borasidagi bunday yetishmovchiliklar bir qator mamlakatlarda ijtimoiy beqarorlik va siyosiy tartibsizliklarni keltirib chiqarmoqda.
Navqiron yigit-qizlarimizga kelajagimizni harakatlantiruvchi asosiy shijoatkor kuch sifatida qarashimiz lozim.
Ularning sifatli ta'lim olishi, o'zlashtirgan ilmi va kasb-hunari bilan iqtisodiyotga munosib integratsiyalashishi, yuqori samaradorlikka ega va raqobatbardosh mutaxassislar bo'lib yetishishi masalalari alohida diqqat markazimizda turishi nihoyatda zarur.
Yoshlarni hech qanday kamsitishlarga duchor etmagan holda, jamiyatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotida to'liq ishtirok etishlari uchun ularga ko'mak, ovoz va imkoniyat berilishi darkor.
Bugun biz Barqaror taraqqiyot maqsadlari haqida ko'p eshitayapmiz. Barqaror taraqqiyot maqsadlari, ayniqsa, 16-Maqsad yoshlarni ijtimoiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan. Xususan, unda umumiy odil sudlovning hammaga birdek ochiqligi, tinchliksevar va kamsitishlarga yo'l qo'yilmaydigan jamiyatlarni rivojlantirish maqsadida tegishli hisobdor tashkilotlarning izchil ish olib borishi zarurligi qayd etilgan.
Endi ana shu uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun davlatlar o'zlarining tegishli qonun, strategiya va dasturlarini qabul qilishlari taqozo etiladi. Shuningdek, samarali monitoring va baholash mexanizmlarini tatbiq qilish zarur.
Buning natijasida to'plangan ma'lumotlarni davlatlarning ma'ruzalari shaklida davlatlararo institutlarga taqdim etilishi o'rinlidir. Bu, o'z navbatida, o'zaro mazmun-mohiyatli muloqotlar olib borish uchun asos bo'ladi.
Shu bilan birga, afsuski, dunyo miqyosida haliga qadar yoshlarning aniq huquqlarini belgilashga doir bironta alohida hujjat yoki vosita mavjud emas. Shu tariqa Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro huquqiy konventsiya bugun navqiron avlod duch kelayotgan aniq-ravshan muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ayni chog'da, yoshlar huquqlariga doir maxsus hujjat bo'lmagan holatda, yosh avlodning huquqlarini amalga oshirish uchun inson huquqlari sohasida mavjud vositalardan foydalanish taqozo etiladi. Bu jarayonga yoshlar tashkilotlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni jalb etgan holda, mazkur vositalar ko'magida tayyorlangan global davriy sharhlarni ochiq-oshkora taqdim etish mumkin.
IHTga a'zo davlatlar “Yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha maxsus uslubiyotlar”ni yaratish masalasini ham muhokama qilsa bo'ladi. Shuningdek, inson huquqlariga asoslangan holda, davlatlar uchun yoshlarga doir siyosatning rahbariy printsiplarini ishlab chiqish mumkin.
Yurtimiz poytaxtida ikki kun davomida ochiq va amaliy munozaralar ruhida bo'lib o'tgan xalqaro anjumanda bu dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Forum ishtirokchilari tinch-totuv va demokratik jamiyat barpo etish hamda barqaror rivojlanishni ta'minlash uchun yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati haqida atroflicha so'z yuritdilar.
Milliy va xalqaro ekspertlar mazkur asosiy mavzuning turli jihatlari yoritilgan nutq va ma'ruzalarini taqdim etishdi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, IHT Bosh kotibining vakili Maha Akil hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining vakili Richard Komendaning nutqlari shular jumlasidandir.
Islom mamlakatlari uchun statistika, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda kadrlar tayyorlash bo'yicha markaz vakili, professor Sem Tentin IHTda ishtirok etuvchi davlatlar yoshlarining ahvoli to'g'risida ma'ruza qildi.
BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining yoshlar huquqlari bo'yicha guruhi rahbari Jorj Karonis, Yevropa Kengashining yoshlar bo'yicha maslaxat kengashining raisi Anja Olin-Pape, Islom hamkorligi yoshlar forumi direktori Rasul Omarov, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi o'rinbosari Dilnoza Kattaxonovaning anjuman mavzusi doirasidagi nutqlari ham ishtirokchilar diqqatini tortdi.
Munozaralarda IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari – Gvineya vakili Alhusseyn Thiam, professor Aydin Safihanli, Nigeriya vakili – elchi Muhammed Lavval Suleyman, Uganda vakili – Kamadi Biyonabiy, Tunis vakili – Mohamed Tohar Hamdiy faol qatnashdi. Shuningdek, IHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar, Inson huquqlari bo'yicha bo'yicha milliy institutlar vakillari o'z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Shu o'rinda ayrim raqamlarga to'xtalaman. IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Yillik 6-seminarida 46 nafar xorijiy ishtirokchi qatnashdi. Ishtirokchilarning jami soni qariyb 150 nafarga yetdi.
Yillik seminarning yalpi majlisida 5 nafar xalqaro va milliy mutaxassisning ma'ruzalari tinglandi. Munozaralarda IHT Komissiyasining 15 nafar a'zosi, IHTga a'zo davlatlar va inson huquqlari bo'yicha institutlarning 10 nafardan ziyod vakillari o'z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.
Bu keng ko'lamli munozara va mushohadalar, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarining kengaytirishga qaratilgan amaliy qarorlar uchun zamin bo'lib xizmat qildi. Natijada xalqaro anjuman ishtirokchilari yakunlovchi hujjat – Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasini qabul qildilar.
Anjuman ishi jarayonida, Toshkent Deklaratsiyasi muqaddimasida ta'kidlanganidek, Islom dinida yoshi ulug'lar navqiron avlod uchun namuna bo'lib xizmat qilishi va islom jamiyatlari o'zining asosiy qadriyatlari tizimini o'zida jo qilgan shaxsiyatlarni shakllantirishga intilishi tasdiqlandi.
Deklaratsiyada inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi tomonidan namoyon etilgan tahsinga sazovor yetakchilik va maqtovga loyiq mavqe minatdorlik hissini uyg'otgani e'tirof etildi. Islom ta'limoti va xalqaro inson huquqlari normalariga muvofiq yoshlar huquqlarini yaxshiroq tushunishni rag'batlantirish uchun IHTga a'zo barcha davlatlar va IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.
Toshkent Deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a'zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to'la ta'minlash yo'lida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Bundan tashqari, poytaxtimizda o'tkazilgan xalqaro anjuman doirasida bir qator rasmiy tadbirlar ham tashkil etildi. Xususan, mazkur nufuzli seminarga tashrif buyurgan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Birlashgan Arab Amirliklari, Gabon, Ozarbayjon, Pokiston, Uganda va Quvayt davlatlaridan saylangan yangi a'zolarining qasamyod qabul qilish marosimi bo'lib o'tdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti o'rtasida hamkorlikni kuchaytirish to'g'risidagi Memorandum tasdiqlandi. Ushbu hujjat Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Suleyman Arslan bilan imzolandi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining yirik xalqaro anjumani O'zbekiston ushbu nufuzli Komissiyaga raislik qilayotgan yilda bo'lib o'tgani alohida ahamiyatga ega. Seminar ishi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi va uning natijalari xalqaro jamoatchilik tomonidan yuqori baholanmoqda.
IHT Komissiyasining yillik 6-seminari yakunida Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilingani e'tiborga loyiqdir. Bu hujjatda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish hamda himoya qilishga qaratilgan amaliy vazifalar o'z aksini topgan.
Xulosa qilib aytganda, bularning barchasi O'zbekistonning inson huquqlari borasidagi xalqaro munosabatlarini yanada faollashtirish va yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “O'zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha mustaqil siyosatini qat'iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda”.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 13.10.2019
- Ko'rishlar: 5517
- Chop etish