11 oktyabr kuni Buxoro shahrida “YeXHTning Lyublyana tavsiyalari va O'zbekistonning millatlararo totuvlik sohasidagi siyosati” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu tadbir bundan bir kun oldin Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tashkil etilgan amaliy muloqotning davomidir.
Davra suhbatidan ko'zlangan asosiy maqsad davlat organlari vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari faollarini xilma-xil hamjamiyatlar integratsiyasiga ko'maklashishga qaratilgan bag'rikenglik siyosati tamoyillarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida xalqaro miqyosdagi rahbariy printsiplar va amaliy tavsiyalar bilan tanishtirishdan iborat.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i Abdulhay Mo'minov, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi vakili Il`dar Fayzullin, shuningdek, Buxoro viloyati hokimligi mutasaddisi Botir Norboev davra suhbati ishtirokchilarini qutladilar. Mamlakatimiz milliy va etnik masalalar borasida YeXHT bilan faol hamkorlik qilayotgani ta'kidlandi.
Tadbirda xorijiy ekspertlar – YeXHT Kam sonli millatlar ishi bo'yicha Oliy komissarining maslahatchisi Andrey Xanjin “Samarador integratsiya printsiplari” va Estoniyadagi Tartu universitetining Narva kolleji direktori Kristina Kallas “YeXHTning turli mamlakatlaridagi eng maqbul amaliyotlardan namunalar” mavzularida ma'ruza qildi.
So'zga chiqqanlar YeXHTning 2012 yili Lyublyana shahrida qabul qilingan «Turfa xil jamiyatlarning integratsiyasi bo'yicha Lyublyana tavsiyalari» mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida fikr yuritishdi. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning hozirgi bosqichida hamda kelgusida ushbu hujjat doirasida bajariladigan ishlar muhokama qilindi.
Muzokaralarda “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”da millatlararo, dinlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash va O'zbekistonda yashaydigan barcha millatlarning manfaatlarini himoya qilishga doir ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab berilganiga e'tibor qaratildi. Bu boradagi keng qamrovli islohotlarda mazkur muhim hujjat dasturilamal bo'layotgani e'tirof etildi.
Davra suhbatida Buxoro viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari mutasaddilari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.10.2019
- Ko'rishlar: 5568
- Chop etish