2020 yil 29 iyul kuni BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 2030 yilgacha mo'ljallangan Kun tartibi hamda Pekin dasturi va Harakatlar platformasini ro'yobga chiqarish
doirasida gender masalalarini hisobga oladigan qonun hujjatlarini ishlab chiqishga bag'ishlangan on-layn munozara bo'lib o'tdi. Ushbu muloqot Parlamentlararo ittifoq va "BMT-ayollar" tuzilmasi tomonidan tashkil etildi.
Maslahatlashuvlarda turli mamlakatlar parlamentlarining a'zolari, Parlamentlararo ittifoq Byurosining barcha a'zolari, butun dunyo parlamentlarining ayollardan iborat a'zolari guruhi vakillari, milliy parlamentlar asosiy qo'mitalari, xususan, gender tenglik bo'yicha hamda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish va bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtrish masalalari bo'yicha qo'mitalar a'zolari qatnashdi.
On-layn munozara ishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo ittifoq raisining o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi.
On-layn munozaradan ko'zlangan maqsad:
birinchidan, "Pekin +25" sharhi yakunlari bo'yicha istiqboldagi parlament faoliyatini ta'minlashga doir ustuvor masalalarni belgilab olish;
ikkinchidan, Qonunchilikda gender muammolari hisobga olinishini ta'minlash bo'yicha parlament a'zolari uchun rahbariy qo'llanmani muhokama qilish uchun – parlament a'zolari bilan o'zaro fikr almashish va bu ishlarga hissa qo'shishdan iborat.
Parlament a'zolari o'zlari ishlab chiqadigan qonunlar butun dunyoda ayollar va qizlarni himoya qilish, ularning hayotini yaxshilash uchun xizmat qilishini ta'minlashda ulkan rol` o'ynaydi. Shu nuqtai nazardan, milliy qonunlarda xotin-qizlarning teng huquqliligi kafolatlanishi hayotiy muhim masaladir. Bu, o'z navbatida, ana shu muammolarning yechimiga, xususan, qonun hujjatlaridagi kamsitish holatlariga barham berish hamda xotin-qizlar ahvolini yaxshilashga taalluqli huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan milliy sa'y-harakatlar va ko'p tomonlama anjumanlarga parlament a'zolarining faol jalb etilishini taqozo qiladi.
Muloqot asnosida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha 5 yillik natijalarni sarhisob qilish hamda Pekin dasturi va Harakatlar platformasining 25 yilligini
nishonlash borasida 2020 yil o'ziga xos samarador davr bo'lgani ta'kidlandi. Ushbu jarayonda jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soladigan qonunlarda gender tenglik printsiplari tatbiq etilishi zarurligi yana bir bor o'z tasdig'ini topdi.
Joriy yil mart oyida Pekin +25 konferentsiyasi doirasida BMTning Xotin-qizlar ahvoli bo'yicha komissiyasi tomonidan qabul qilingan siyosiy deklaratsiyada a'zo-davlatlar o'z zimmalariga aniq majburiyatlarni olgan. Xususan, a'zo-davlatlar «kamsitish holatlariga yo'l qo'yadigan barcha qonunlarga barham berish hamda qonunlar, siyosat va dasturlar barcha xotin-qizlar uchun foydali bo'lishi, ular to'liq va samarali amalga oshirilishi, tengsizlik va marginallashuvni yuzaga keltirmasligi va kuchaytirmasligi uchun ularning natijadorligini ta'minlash ishlari tizimli ravishda baholab borilishini yo'lga qo'yish" uchun javobgar hisoblanadi.
Munozaralarda Parlamentlararo ittifoq vakili Zeyna Hilal va "BMT-ayollar" tuzilmasi vakili Beatris Dunkan o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Muloqot yakunida ta'kidlanganidek, parlament a'zolari xalq saylagan va ishonch bildirgan vakillar hisoblanadi. Shu ma'noda, parlament a'zolari inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan uzviy bog'liq taraqqiyot jarayonlarida hamisha faol va fidoyi bo'lishlari zarur.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.07.2020
- Ko'rishlar: 4004
- Chop etish