Shu yil 6 avgustda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan brifing o'tkazildi. Ushbu tadbir tafsilotlarini yoritgan jurnalistlar va blogerlarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Odatda, brifing o'tkazilganda mavzu yuzasidan bayonot taqdim etilib, jurnalistlar tomonidan savollar berilmaydi yoki sanoqli savolgagina imkoniyat yaratiladi. Shunga qaramay, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov brifing davomida jurnalistlar va blogerlarning hatto tadbir mavzusiga kirmaydigan ko'plab savollariga ham javob berdi.
Ishtirokchilarning har biriga imkoniyat yaratish maqsadida izma-iz savollar yog'dirgan ayrim faol hamkasblarimizga tanbeh berishga ham to'g'ri keldi. Ishchan va qizg'in ruhda o'tadigan tadbirlarga xos bo'lgan bunday holatdan ranjigan hamkasblarimizdan uzr so'raymiz.
Shu bilan birga, bloger Farrux Absattarov 6-7 avgust kunlari Internet tarmog'ida (FayzbogUz) tarqatgan xabarlarda A.Saidovning brifingdagi so'zlari noto'g'ri talqin qilinganini ma'lum qilamiz.
Afsuski, xabar.uz sayti ham 6 avgustda e'lon qilingan “O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha bosh himoyachisi ro'mol haqidagi savolga javob bermadi” nomli xabarida A.Saidovning javobini chuqur tahlil qilmagan.
Bundan tashqari ushbu matnga A.Saidovning eski, ya'ni boshqa tadbirda tushirilgan surati ilova qilingan. Bu holatni manipulyatsiya bilan bog'liq harakat, deb baholash mumkin.
Brifingda video va foto tasvirga olish, audioyozuvlarni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalariga brifing jarayonlari tasvirlangan sifatli fotolavhalarni tarqatdi.
Aslida, A.Saidov bloger F.Absattarovning ro'molga doir savoliga atroflicha javob bergandi. Blogerning keyingi 2-3-4-savollari o'sha javobdan ajratib olingan jumlalardan iborat bo'lib qoldi.
Bloger o'zini tergovchi kabi tutgani, suhbatdoshiga hurmatsizlik ko'rsatgani tufayli, shuningdek, boshqa jurnalist va blogerlarga savol imkoniyatini berish nuqtai nazaridan, A.Saidov blogerning birinchi savolidayoq javob berilgan so'roqlariga qayta to'xtalmasligini bildirdi.
Shu munosabat bilan hamkasblarimizdan O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi talablariga, jumladan, «Haqqoniylik, xolislik, adolat, fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlariga hurmat O'zbekiston jurnalistlari faoliyatining asosiy qoidasi hisoblanadi» degan printsipiga amal qilishlarini so'raymiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.08.2019
- Ko'rishlar: 6970
- Chop etish