O'zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi

O'zbekiston ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi. A'zolik vakolatlari muddati 2021 yil 1 yanvardan boshlanadi.

Ushbu qaror 2020 yil 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi doirasida bo'lib o'tgan saylovlar natijasida qabul qilindi. Qarorga ko'ra, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 15 ta a'zo- davlat saylangan bo'lib, ular safida O'zbekiston, shuningdek Buyuk Britaniya, Boliviya, Xitoy, Gabon, Kot-d'Ivuar, Kuba, Malavi, Frantsiya, Pokistan, Meksika, Nepal, Rossiya, Senegal va Ukraina bor.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik uchun, odatda, beshta mintaqadan davlatlar tanlanadi. Bu galgi saylovda bo'shab qolgan 15 ta a'zolik o'rniga Osiyo-Tinch okeani, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan – 4 a'zo, Afrikadan – 4 a'zo, Sharqiy Yevropadan – 2 a'zo, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan – 3 a'zo hamda G'arbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AQSH, Kanada va Isroil davlatlari orasidan – 2 a'zo  saylandi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi doirasidagi ushbu dastlabki saylovlarda O'zbekiston uchun BMTga a'zo 191 davlatdan eng ko'pchiligi - 169 tasi ovoz berdi. Osiyo guruhidan Pokiston ham 169 ovoz to'pladi. Shuningdek, Nepal – 150 ta, Xitoy – 139 ta, Saudiya Arabistoni – 90 ta ovoz oldi.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi – BMT tizimidagi hukumatlararo organ bo'lib, 2006 yilda tashkil etilgan. U o'z majlislarini muntazam, yilida kamida uch marta o'tkazadi. Bu sessiyalardan biri asosiysi sanaladi va uning ishi o'n hafta davom etadi. Kengash a'zolarining uchdan bir qismi talabi asosida, jumladan, muayyan mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog'liq tashvishli ahvolni o'rganish maqsadida maxsus favqulodda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan. Bosh  Assambleyaning 60/251-rezolyutsiyasi 7-bandiga muvofiq, "Kengash tarkibiga 47 ta a'zo-davlat kiradi va ularning har biri Bosh  Assambleyaning ko'pchilik a'zolari tomonidan bevosita yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadi". BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zolari o'z vakolatlarini uch yil davomida bajarishlari zarur.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech