2021 yil 17 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotida Parlamentlararo Ittifoqning har yili o'tkaziladigan Parlament eshituvlari boshlandi. Videokonferentsiya tarzidagi ushbu xalqaro tadbir "Hukumatga ishonchni tiklash va rivojlanish istiqbollarini yaxshilash uchun korruptsiyaga qarshi kurashish" mavzusiga bag'ishlangan.
Ochilish marosimida BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir va Parlamentlararo Ittifoq raisi Duarte Pacheko so'zga chiqdi.
Parlament eshituvlarida dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan qariyb 200 nafar parlament a'zosi ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisi o'rinbosari Akmal Saidov ham bor.
Parlamentlararo Ittifoqning BMTda o'tkazilayotgan bu yilgi Parlament eshituvlari joriy yil iyun oyida Nyu-Yorkda bo'lib o'tadigan BMT Bosh Assambleyasi maxsus sessiyasining Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha siyosiy deklaratsiyasini ishlab chiqishda parlamentlar tomonidan hissa qo'shishga qaratilgan.
Korruptsiya insonlarning qonun ustuvorligi va hukumat idoralariga bo'lgan ishonchiga putur yetkazadi. U bir paytning o'zida kuchsiz demokratiyaning belgisi va sababi hamdir.
Davlat sektori va xususiy sektordagi korruptsiya tengsizlikni kuchaytirib yuboradi, sog'liqni saqlash, ta'lim tizimlari va boshqa ijtimoiy farovonlik maqsadlari uchun davlat byudjetidan sarflanadigan mablag'larga chang soladi, barcha insonlarga foydasi tegadigan taraqqiyot samaralarini yo'qqa chiqaradi. Korruptsiya balosidan ayollar, kambag'allar va aholining ehtiyojmand guruhlari eng ko'p aziyat chekadi.
«Transparency International» Boshqaruvi raisi Deliya Ferreyra Rubio korruptsiya demokratiyaga qanchalik ziyon yetkazishi va mamlakatlar taraqqiyotiga to'siq bo'lishi bilan bog'liq ma'lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, u parlamentlarning korruptsiyaga qarshi kurashda ishtirok etishi zarurligi xususida to'xtaldi.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida davlatlarning barcha shakllardagi korruptsiyani sezilarli darajada kamaytirishga doir majburiyati belgilangan.
Parlament eshituvlarida «Korruptsiyaga qarshi konventsiya: mazmun-mundarijasi va amalga oshirish muammolari», «Ulkan mablag'lar (aktivlar) ishtirokidagi korruptsiya, boshqacha aytganda, «yirik korruptsiya» kabi mavzular muhokama qilinmoqda.
Munozaralarda parlamentlar a'zolari bilan bir qatorda, BMT rasmiy shaxslari, elchilar, olimlar va fuqarolik jamiyati vakillari ham ishtirok etmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.02.2021
- Ko'rishlar: 3529
- Chop etish