11 may kuni parlament quyi palatasining Yoshlar masalalari bo'yicha komissiyasi tomonidan Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish yuzasidan ishchi guruh yig'ilishi o'tkazildi, deb xabar tarqatdi parliament.gov.uz sayti.
Yig'ilishda deputatlar, Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya a'zolari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, O'zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov Yoshlar parlamentining asosiy yo'nalishlari hamda vazifalari nimalarda namoyon bo'lishi xususida to'xtaldi.
Parlamentarizm an'analarini saqlagan holda yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, qonun ijodkorligi va huquqni qo'llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish lozimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish davr talabi ekani alohida qayd etildi. Ushbu jarayonda kechadigan yangi va ustuvor yo'nalishlarni belgilashda yoshlarning faolligini oshirish, alaloqibat navqiron avlodning siyosiy bilimlarini oshirish va ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish Yoshlar parlamentini tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsadlardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, Yoshlar parlamentini tashkil etishda xorijiy davlatlar tajribasidan unumli foydalanish masalasiga e'tibor qaratildi. Bunda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.
Deputatlar tashkil etiladigan Yoshlar parlamenti faoliyati yuzasidan bir qator taklif va mulohazalar bildirdilar. Shu asosda istiqboldagi tashkiliy jarayonni o'z ichiga olgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.05.2020
- Ko'rishlar: 4869
- Chop etish