Mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutini tashkil etish ishlari boshlandi. Bu boradagi tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoevning yaqinda imzolangan “O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonida ilgari surildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidovning 2020 yil 19 mayda "Pravda Vostoka" gazetasida e'lon qilingan "Yuridik fan va yangicha islohotlar davri" ("Юридическая наука и новый период реформ") sarlavhali maqolasida davlat rahbarining sohani tubdan rivojlantirishga doir bir qator yangi tashabbuslari tahlil qilingan.
Muallifning fikricha, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etilishi juda muhim tarixiy qadamdir. Chunki O'zbekistonda hech qachon mustaqil davlat va huquq instituti bo'lmagan.
Endilikda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti ta'sis etilishi sohada quyidagi muhim maqsadlarga erishish imkonini beradi:
birinchidan, akademik huquqiy tadqiqotlarning saviyasi oshadi;
ikkinchidan, shaxs, fuqarolik jamiyati va davlat o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni qonunchilik asosida tartibga solish muammolarini tizimli o'rganish mexanizmlari takomillashadi;
uchinchidan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir huquqiy kafolatlar yanada mustahkamlanadi;
to'rtinchidan, ilmiy-huquqiy ishlanma va tavsiyalarni samarali tatbiq etish va amaliyotda qo'llash uchun zarur sharoitlar yuzaga keladi.
Bularning barchasi Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar va asosiy vazifalarni huquqiy jihatdan ta'minlashga xizmat qiladi. Jumladan, bu ijobiy o'zgarishlar mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlar istiqbollarini belgilab olishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.05.2020
- Ko'rishlar: 4294
- Chop etish