Parlamentlararo Ittifoq raisligiga saylovlar boshlandi. Unda O'zbekistondan Akmal Saidov nomzodi ham bor

2020 yilning 1 noyabr kuni dunyo mamlakatlari parlamentlarini birlashtirgan,  130 yildan ortiq tarixga ega xalqaro tashkilot — Parlamentlararo Ittifoq raisligiga onlayn saylovlar boshlandi, deyiladi parliament.gov sayti xabarida.

Ushbu nufuzli parlamentlararo xalqaro tashkilotga raislik qilish uchun to'rtta mamlakat parlamenti vakillari da'vogarlik qilmoqda. Ular orasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidovning ham nomzodi bor.

Saylovda O'zbekistondan tashqari  Pokiston, Portugaliya, Kanada vakillarining nomzodlari ko'rsatilgan. Har bir nomzod Parlamentlararo Ittifoqqa a'zo 179 davlat vakillariga o'z dasturlarini bayon qildilar.

Xususan, O'zbekiston parlamentining qo'llab-quvvatlashi asosida ilk bor Yevroosiyo guruhidan Parlamentlararo Ittifoq raisi lavozimiga nomzodi ko'rsatilgan A.Saidov o'z dasturini ikki tilda: ingliz va frantsuz tillarida taqdim etdi. Mamlakatimiz vakili Parlamentlararo Ittifoqning kelgusi uch yildagi faoliyatining aniq ustuvor yo'nalishlariga doir qarashlarini so'zlab berdi.

Saylov jarayoni Toshkent vaqti bilan 19.00da boshlandi va 24 soat davom etadi. Har bir davlatga 3 tagacha ovoz berish imkoniyati berilgan. Saylovlarda 50 foiz ovoz to'plagan nomzod Parlamentlararo Ittifoq raisligiga saylanadi.

2 noyabr soat 19.00 da yakunlanadigan saylov natijasiga ko'ra, nomzodlarning hech biri 50 foizgacha ovoz to'play olmasa, shu kuni soat 20.00 da saylovning ikkinchi turi o'tkaziladi. Bu holda a'zo davlatlar eng ko'p ovoz to'plagan ikki nomzoddan birini tanlaydilar.   

Ma'lumot uchun: Parlamentlararo ittifoq eng keksa xalqaro parlament tashkiloti bo'lib, 1889 yilda tashkil topgan. U o'z safida dunyoning 179 ta mamlakati parlamentlari va 13 ta parlamentlararo tashkilotni birlashtirgan.  Tashkilot qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan. O'zbekiston Parlamentlararo ittifoqqa a'zoligini ushbu tashkilotning  2017 yilgi 137-Assambleyasida tiklagan.

Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli va keng ko'lamli demokratik islohotlar e'tirofi sifatida A.Saidov 2020 yil fevralidan e'tiboran 2023 yilning oktyabr` oyiga qadar Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari, shuningdek 2020-2021 yillar uchun moliya bo'yicha kichik qo'mita a'zosi etib tayinlangan.

Bundan oldin mamlakatimiz vakili birinchi bor 2020-2023 yilda Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasi a'zosi sifatida qayd etilgandi. Ushbu qaror tashkilotning Belgradda (Serbiya) bo'lib o'tgan Assambleyasi paytida qabul qilingan. O'shanda ham A.Saidov nomzodi Parlamentlararo Ittifoqning Yevroosiyo guruhi tomonidan ilgari surilgan va tashkilotga a'zo davlatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullangan edi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech