14 fevral kuni poytaxtimizdagi «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida shu mavzuda xalqaro forum bo'lib o'tdi. Mazkur anjuman «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura va «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro forumda davlat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari, yoshlar, ekspertlar, mutaxassislar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari qatnashdi. Tadbirda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev ham ishtirok etdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Ijrochi direktori Eldor Tulyakov o'z kirish so'zida O'zbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan jadal taraqqiy etayotgan, iqtisodiyotda barqaror o'sish sur'atlariga erishayotgan, eng asosiysi, aholining hayot darajasi izchil yuksalayotgan mamlakat sifatida e'tirof etilayotganini qayd etdi.
Xalqaro forum o'z ishini Harakatlar strategiyasining 5 ta ustuvor yo'nalishi kesimida davom ettirdi. Ma'ruzchilar o'z taqdimotlarida tegishli vazirlik, idora va davlat organlari tizimida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berishdi.
Tadbirda qayd etilganidek, so'nggi 3 yilda parlament va siyosiy partiyalarning roli yanada kuchaytirildi. Oliy Majlis palatalari faoliyatida eng muhim o'zgarish – bu Parlament, shuningdek, deputat va senatorlarning faqat kiritilgan qonun loyihalarini ko'rib chiqish bilan cheklanmasdan, bevosita joylarga borib, xalqning turmush darajasidan xabar olish, aholini qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda faol ishtirok etishlari bo'ldi.
Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» amaliyoti yo'lga qo'yilib, har ikki palatada Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha qo'mitalar tuzildi. Xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini aniqlash va hal qilish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari faoliyati yo'lga qo'yildi. Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Davlat xizmatlari agentligi 2018 yilda 37 turdagi davlat xizmatlarini ko'rsatgan bo'lsa, 2019 yilga kelib bu ko'rsatkich 130 taga yetdi.
Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo'nalishi sifatida Oliy sud faoliyati takomillashtirildi, iqtisodiy va ma'muriy sudlar tashkil etildi. Barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlarining aholi oldida muntazam hisobot berish tizimi joriy etildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo'nalishida valyuta bozori liberallashtirilmoqda, bojxona to'lovlari stavkalari ikki baravarga kamaytirildi. Yangi soliq kontseptsiyasi amaliyotga joriy etildi va izchil soliq islohotlari amalga oshirildi. Soliq turlari 13 tadan 9 tagacha qisqartirildi va jismoniy shaxslarning daromadlariga olinadigan soliq stavkasi 12 foiz etib belgilandi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo'nalishi bo'yicha mamlakatning turistik salohiyati sezilarli darajada oshgani alohida ta'kidlandi. Qayd etilishicha, yurtimizga 2019 yilda 6,7 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va bu 2016 yilga nisbatan 4,7 mlnga ko'pdir.
Ta'lim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha ta'lim qamrovi 52 foizga yetgan. 2019 yilda 4 ta Prezident maktabi va 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. Oliy ta'lim muassasalariga qabul miqdori 146 ming 500 nafarga yetdi.
Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasida O'zbekistonning xalqaro maydonda o'z pozitsiyasini bildirish imkoniyati kengaydi.
2018 yil 12 dekabrda O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining maxsus “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiya nafaqat BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlangani, balki Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit'alarning 50 dan ziyod mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilingani ahamiyatlidir.
Ochiq muloqot ruhida o'tgan xalqaro forumda har bir ma'ruzadan so'ng qizg'in muhokamalar bo'ldi.
Forum doirasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 3 yillik monitoring, tahlil va davlat dasturlari ijrosi bo'yicha keng jamoatchilikni xabardor etish bo'yicha faoliyati haqida videorolik namoyish etildi.
Shuningdek, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tayyorlangan «Harakatlar strategiyasi bilan 3 yil: kutilgan natijalar, yuqori samaradorlik va yuksak marralar» nomli risola taqdimoti bo'lib o'tdi.
O.Ahmadov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Xalqaro
hamkorlik bo'limi boshlig'i
- Qo'shildi: 16.02.2020
- Ko'rishlar: 4507
- Chop etish