9 mayni barchamiz yuksak hurmat-ehtirom, g'urur va chuqur minnatdorchilik bilan kutib olyapmiz. Bu kun urushda yaqinlari va qarindoshlaridan ayrilganlarni, janglarda qatnashganlarni birlashtiradi, G'alaba sharofati bilan hayot bo'lgan, tinch-totuv zamonda umr kechirayotganlar bir-birlarini yodga olishadi.
Bular Rossiya Federatsiyasi Majlisi Federal Kengashi tomonidan “Rossiya segodnya” xalqaro media-guruhi bilan hamkorlikda fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 75 yilligiga bag'ishlab tashkil etilgan videoko'prikda alohida ta'kidlandi.
Unda Rossiya, O'zbekiston, Qozog'iston, Belarus`, Qirg'iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Moldova va Ikkinchi jahon urushida xalqi bugungi musaffo osmon uchun kurash olib borgan boshqa mamlakatlar milliy parlamentlari raislari hamda deputatlari ishtirok etdi. Shuningdek, Yevropa parlamenti, xususan, Latviya, Slovakiya va Estoniyadan deputatlar, siyosiy va jamoatchilik namoyandalari qatnashdi.
Tadbirni Rossiya Federatsiyasi Majlisi Federal Kengashi Raisi Valentina Matvienko ochib berdi.
Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan mamlakatlarda ushbu kun bilan bog'lanmagan biror oila bo'lmasa kerak. Shuning uchun 9 may — G'alaba kuni barcha uchun muhimdir. Ko'plab davlatlar urush yillarida frontga nafaqat o'z askarlarini, balki tinchlik uchun kurashganlar uchun oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar jo'natib munosib hissa qo'shgan. Bular videoko'prik ishtirokchilari tomondan alohida e'tirof etildi.
Tadbirda Parlamentlararo ittifoq (PI) ijroiya qo'mitasi vitse-prezidenti, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov nutq so'zladi.
A.Saidov o'z chiqishining boshida PI Ijroqo'mi nomidan barchani Buyuk G'alaba munosabati bilan tabrikladi. Zero, PI 179 ta milliy parlamentni o'zaro birlashtirgan jahon tashkilotidir.
— Insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qirg'inbarot fojia — Ikkinchi jahon urushi misli ko'rilmagan azob-uqubatlar, yo'qotishlar, sonsiz-sanoqsiz qurbonlarga sabab bo'lgan, — dedi u.
PI Ijroqo'mi vitse-prezidenti so'zlariga ko'ra, bashariyat o'sha paytdagi dunyo aholisining 80 foiz aholisi bilan birgalikda 62 davlatini o'z domiga tortgan Ikkinchi jahon urushi stsenariysi takrorlanishiga har qanday vaziyatda ham yo'l qo'ymasligi kerak. Urush 40 ta mamlakatda olib borildi, 60-65 million odamning yostig'i quridi, ularning yarmi tinch aholi vakillari edi.
A.Saidov o'z nutqida bugun global miqyosda dolzarb bo'lib turgan koronavirus pandemiyasi masalasiga ham to'xtalib o'tdi.
Uning so'zlariga ko'ra, Covid-19 rivojlanish darajasi, boy-kambag'alligidan qat'i nazar barcha davlatlar va odamlar bunday tahdidlar qarshisida ojiz ekanligi, bu muammoni yolg'iz hal etib bo'lmasligini ko'rsatib qo'ydi. Bu haqda BMT Bosh Assambleyasining 2020 yil 2 apreldagi “2019 yilda koronavirus kasalligi (COVIDS-19)ga qarshi kurashda global birdamlik” maxsus Rezolyutsiyasida aytib o'tilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish pandemiya Ikkinchi jahon urushidan buyon sayyora uchun eng katta muammoga aylanganini qayd etar ekan, hozir dunyoga birdamlik kerak ekanligini ta'kidladi. Zero, mazkur kasallik odamlarning umriga zomin bo'lyapti, hayot uchun zarur vositalardan mosuvo qilmoqda. Shuning uchun u jamiyat taqdiriga daxldor masaladir.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan qonunlar qabul qilayotgan parlamentlari ham koronavirusga qarshi kurashishda muhim rol` o'ynab kelyapti. PI pandemiya davrida dunyo parlamentlarining ishlash uslublari haqidagi ma'lumotlarni umumlashtiryapti.
PI ma'lumotlariga ko'ra, dunyodagi davlatlarning 50dan ziyod parlamentlari cheklangan hajmda faoliyatini davom ettiryapti, ulardan 20dan ortig'i masofadan ishlashni ta'minlash uchun huquqiy asoslarga ega yoki reglament va qonunga shu bo'yicha o'zgartish kiritgan.
A.Saidov Parlamentlararo ittifoqning Parlament diplomatiyasi to'g'risidagi deklaratsiyani qabul qilish tashabbusini qo'llab-quvvatlashga oid takliflarini ham bildirdi. Bu PI va umuman parlamentarizm institutini yanada rivojlantirishga turtki beradi.
PI vitse-prezidenti Rossiya tomonidan dunyo dinlari vakillari ishtirokida millatlararo va dinlararo muloqotni yo'lga qo'yish bo'yicha konferentsiya o'tkazish bo'yicha ilgari surilgan taklifni ham qo'llab-quvvatladi.
Yakunda u G'alabaning 75 yilligi bilan barcha ishtirokchilarni yana bir bor chin yurakdan tabrikladi.
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 08.05.2020
- Ko'rishlar: 4372
- Chop etish