25 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo'lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O'zbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan konstruktiv munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik ushbu sheriklikning eng muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Raad Al Husayn va BMTning Din yoki e'tiqod erkinligi masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahidning mamlakatimizga tashriflari natijasida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, bu boradagi xalqaro muloqotni yanada rivojlantirishga qaratilgan “yo'l xaritalari” amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjat, jumladan, BMTning o'nta asosiy shartnomalariga qo'shilgan. 2018 yil noyabr oyida Samarqandda ilk bor Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi o'tkazildi.
Shuningdek, O'zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va malaka to'g'risidagi deklaratsiyasini amalga oshirish bo'yicha milliy dastur qabul qilingan. Ushbu hujjat sud-huquq sohasi xodimlarining inson huquqlari to'g'risidagi bilimlarini oshirishni nazarda tutadi.
Yurtimiz sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sud`ya va advokatlarning mustaqilligini ta'minlash 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biridir.
Xususan, yangi organ – Sud`yalar oliy kengashi tashkil etildi, sud`yalarni uzoq muddatga tayinlash va sud qarorlarini jamoatchilikka e'lon qilish amaliyoti joriy etildi. "Xabeas korpus" va "elektron odil sudlov" mexanizmlarini qo'llashni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizda advokatlarning mustaqilligini ta'minlash va o'rnini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, Advokatlar palatasining roli ortib bormoqda.
Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashildi, O'zbekistonning sud-huquq sohasidagi qonunchiligini yanada takomillashtirish jihatlari va qo'shma tadbirlar o'tkazish masalalari muhokama qilindi.
BMT Inson huquqlari kengashining maxsus ma'ruzachisi samimiy qabul hamda tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
Diego Garsiya-Sayan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat va xalq o'rtasida bevosita muloqot orqali fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, qonuniylik va huquq ustuvorligini mustahkamlash, odil sudlovni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.
BMTning yuqori martabali vakili O'zbekiston bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga va demokratik yangilanishlarni amalga oshirishda amaliy ko'maklashishga tayyor ekanini ta'kidladi.
Manba: O`zA
- Qo'shildi: 25.09.2019
- Ko'rishlar: 5806
- Chop etish