Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida, jumladan, mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to'xtaldi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “O'zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha mustaqil siyosatini qat'iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etildi. Keyingi uch yilda yetti marta afv e'lon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon bo'lib, tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 4 mingga yaqin mahbus jazoni o'tash joylaridan ozod etildi.
Kuni kecha afv etish haqidagi yana bir farmonga imzo chekdim. Unga ko'ra jazo muddatini o'tayotgan 65 nafar fuqaro afv etildi.
Tasavvur qiling, o'z uyiga, yaqinlari bag'riga qaytayotgan bu insonlarning, ularning ota-onasi, farzandlarining quvonchi, xursandchiligini “oynai jahon” orqali ko'rgan odam, bu haqiqatan ham ezgu va savobli ish ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi.
Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jasliq qo'rg'onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani insonparvar siyosatning yana bir ifodasi bo'ldi.
Bu tarixiy qadam mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayon ekanini ko'rsatadi.
Bugungi kunda O'zbekiston o'z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qaerda bo'lishidan qat'i nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida o'zini namoyon etmoqda.
Chet ellarda ishlayotgan va ta'lim olayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib, ularning huquq va manfaatlari ta'minlanmoqda. O'zbekistonga qaytib, ish yoki o'qish faoliyatini davom ettirish istagida bo'lgan fuqarolarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yil 156 nafar vatandoshimiz – asosan ayollar va bolalar jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelindi va ularning fuqarolik huquqlari tiklandi.
Albatta, kechirimli, mehr-oqibatli bo'lish xalqqa ham, Xudoga ham manzur bo'ladi. Mana shunday ezgu fazilatlar bizning bag'rikeng xalqimizni yanada ulug'laydi”, deyiladi Prezidentimiz tabrigida.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 2 avgust kuni “Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to'g'risida”gi qarorga imzo chekdi. Ushbu qarorning qabul qilinishidan ko'zlangan maqsad 2017—2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro maydonda ijobiy mavqeini ilgari surishdir.
Bunga qadar o'tgan yili ham mamlakatda ikkita qamoqxona yopilgan. Ana shunday insonparvar siyosat tufayli o'tgan qisqa davrda mamlakatda mahbuslar soni ikki barobar kamayishiga erishildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.09.2019
- Ko'rishlar: 6445
- Chop etish