“O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI SUDLARI TOMONIDAN INSON HUQUQLARI TO'G'RISIDAGI BMT KONVENTSIYALARI NORMALARINING QO'LLANILISHI”

2020 yil 15 noyabr kuni Samarqand shaxrida “O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi BMT Konventsiyalari normalarining qo'llanilishi” mavzusidagi amaliy seminar bo'lib o'tdi.

Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Inson xuquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy Markazi, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalar koordinatori, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda tashkil etildi.

Seminarda qutlov so'zi bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining yordamchisi A. Mirzaev va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari D. Muratova ishtirok etishdi.

Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan sudlar tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi odil sudlovni ta'minlashda juda muhim masala hisoblanishini ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, O'zbekistonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. O'zbekiston tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari kengashiga 2021-2023 y. a'zo sifatida saylandi. Mazkur kengashga a'zo bo'lish uchun O'zbekiston majburiyatlari ichida odil sud tizimini ta'minlashni ham o'z ichiga olgan.

Hozirgi kunda, O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida bo'lgani kabi, sud`yalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor bo'lib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida o'z faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni ta'minlashga majbur.

Seminar ochilishida ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi farmoni talablariga ko'ra, sud inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarining sudlar amaliyotida qo'llanilishini yanada kengaytirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko'rishi lozim.

So'zga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konventsiyalari normalarini sud hujjatlarida qo'llashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, o'z navbatida, sud tizimi mustaqilligini yanada mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan fikrlar bildirildi.

Seminar davomida individual murojatlar bilan qanday ish olib borilishi kerakligi, BMT inson xuquqlari bo'yicha Qo'mitasiga kelib tushgan murojatlarni qayta ko'rib chiqish masalalarini o'rganilishi kerakligi ishtirokchilar tomonidan qayd etildi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llash zarurati haqida to'xtalib, xususan, Qiynoqlarga qarshi konventsiya qoidalarini milliy sudlar qarorlarida qo'llash bo'yicha chet el tajribasi bilan o'rtoqlashadilar. Sudlar tomonidan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya normalarini qo'llash amaliyoti ham seminar kun tartibida o'rin olgan.

Powered by GSpeech