17 dekabr kuni Moskva shahrida "Yevroosiyo makonida inson huquqlarini shu mavzuda mavzusida o'tkazilgan Uchinchi xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Xalqaro anjuman Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili tomonidan O.Kutafin nomidagi Moskva Davlat yuridik universiteti huzuridagi Inson huquqlari bo'yicha ilmiy-ma'rifiy markaz bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro konferentsiyada 20 dan ortiq davlat ombudsmanlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari vakillari, jumladan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi delegatsiyasi, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Yevropa Kengashi, Yevropa Ombudsmanlar instituti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Anjumanda Rossiya Federatsiyasi sub'ektlarining Inson huquqlari bo'yicha vakillari, inson huquqlari himoyachilari, Rossiya davlat va nodavlat tashkilotlari namoyandalari, diplomatlar va olimlar qatnashdi.
Konferentsiyani Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskalkova ochdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Uchinchi xalqaro konferentsiya ishtirokchilariga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bachelet va Yevropa Kengashi Bosh kotibi Mariya Peychenovich-Burichning video-murojaatlari namoyish etildi.
Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi Raisi Lilian Mori Pask`e anjuman ishtirokchilarini qutladi.
Ochilish marosimida Moskva shahri dunyo Ombudsmanlari to'planib turadigan asosiy markazlardan biriga aylangani qayd etildi. Buni keyingi davrda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili tomonidan Ombudsmanlar ishtirokida uch marta yirik xalqaro konferentsiya tashkil etilgani ham tasdiqlaydi.
Xalqaro konferentsiyada 3 ta yalpi majlis doirasida 25 ta ma'ruza tinglandi. Muhokamalarda milliy va xalqaro ekspertlar faol ishtirok etdi.
So'zga chiqqanlar, umum e'tirof etgan printsiplar va xalqaro huquq normalari hamda insoniylik mezonlariga tayangan holda, mamlakatlar, hukumatlar, xalqlar, inson huquqlari bo'yicha xalqaro va milliy muassasalar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning universal normalariga rioya etish zarurligini qayd etdilar. Bunda inson huquqlari bo'yicha milliy muassasalarning o'z faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshirishi g'oyat muhim ekani ta'kidlandi.
Konferentsiya ishtirokchilari tomonidan Yevroosiyo makonida inson huquqlari bo'yicha milliy muassasalarning integratsiyalashuvi jarayonlari qo'llab-quvvatlandi. Mintaqa aholisi o'rtasida ushbu muassasalar faoliyatini yanada ommalashtirish, ularning vazifa va vakolatlari haqida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida keng targ'ibot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish zarurligiga e'tibor qaratildi.
Konferentsiya yakunida ushbu xalqaro anjumanning yakunlovchi hujjati atroflicha muhokama etildi va qabul qilindi.
Xalqaro konferentsiya ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
*
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev xalqaro konferentsiya doirasida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskal`kova bilan yuzma-yuz muloqotda bo'ldi.
Inson huquqlarini rivojlantirish yo'lidagi hamkorlik istiqbollari haqida so'z yuritar ekan, T.Moskalkova 2020 yilda bo'lib o'tadigan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumining ikkinchi anjumanida ham ishtirok etish niyatida ekanini ma'lum qildi.
*
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev bilan uchrashuvda Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch 2019 yil 17-18 noyabr kunlari Istanbulda tashkil etilgan inson huquqlariga doir nufuzli anjumanda O'zbekiston ekspertlari faol ishtirok etgani uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Tomonlar bu boradagi yaqin munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanini ta'kidlab, o'zaro hamkorlik aloqalarini kelgusida rivojlantirishning amaliy rejalarini ko'rib chiqdilar.
*
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev Koreya Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha milliy komissiyasi raisi Choy Yung-ae bilan uchrashdi.
Tomonlar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Koreya Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha milliy komissiyasi o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko'tarish istiqbollarini muhokama qildilar.
*
O'zbekistonda Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi doirasida Xalqaro konferentsiya doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev bilan muloqot chog'ida Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha vakili Devoni rahbari Oydin Safixanli O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) doirasidagi amaliy faoliyatini yuqori baholadi.
O.Safixanli 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining «Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati» mavzuidagi Yillik 6-seminari yuksak saviyada tashkil qilinganini alohida e'tirof etdi. Mazkur Komissiyaning yangi a'zosi sifatida Toshkent Deklaratsiyasining qabul qilinishida shaxsan ovoz bergani, bu hujjatda Osiyo qit'asi yoshlari huquqlarini ta'minlashga katta ahamiyat qaratilgani haqida gapirdi.
*
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev Bolgariya Respublikasi Kamsitishlardan himoya qilish bo'yicha komissiyasi raisi Ana Jumalieva bilan ham uchrashdi.
A.Jumalieva o'zi rahbarlik qilayotgan Komissiya bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istagida ekanini ma'lum qildi.
G'ulom Mirzo
Moskva shahri
- Qo'shildi: 19.12.2019
- Ko'rishlar: 5001
- Chop etish