Avval xabar qilinganidek, 2020 yil 29 iyul kuni BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 2030 yilgacha mo'ljallangan Kun tartibi hamda Pekin dasturi va Harakatlar platformasini ro'yobga chiqarish doirasida gender masalalarini hisobga oladigan qonun hujjatlarini ishlab chiqishga bag'ishlangan on-layn munozara bo'lib o'tdi. Ushbu xalqaro muloqot Parlamentlararo ittifoq va "BMT-ayollar" tuzilmasi tomonidan tashkil etildi.
Xalqaro on-layn munozarada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo ittifoq raisining o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi va so'zga chiqdi. A.Saidovning ma'ruzasi matni quyida havola etilmoqda.
"Pekin +25"ning ustuvor maqsadlari va parlament roli
O'zbekiston avval boshdanoq Pekin Harakatlar platformasida hal qiluvchi rol` o'ynadi. 1995 yilda Pekin shahrida bo'lib o'tgan To'rtinchi Butunjahon Ayollar Konferentsiyasi tashkil etilganidan boshlab hozirgi kungacha O'zbekiston ikkala jins vakillari uchun huquq va imkoniyatlari teng bo'lgan jamiyat yaratishga intilmoqda.
25 yil davomida O'zbekiston gender tengligi sohasida izchil taraqqiyotga erishib kelmoqda. Bu, o'z navbatida, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish e'tiborini tortdi.
BMT Bosh kotibi O'zbekistondagi gender tengligi borasidagi sa'y-harakatlar to'g'risida shunday deydi: "So'nggi yillarda O'zbekiston hukumati inson huquqlariga taalluqli juda ko'p qonunlar, strategiya va rejalarni qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hukumat 125 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi, bundan tashqari, bir qator boshqa muhim qonunlar va tartibga soluvchi chora-tadbirlar ishlab chiqilib, muhokama qilindi va qabul qilindi. Xulosa qilib aytganda, ushbu maqsadlar mazmunli, amaliy va muhim ahamiyatga ega".
Mamlakatda ayollarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish, xotin-qizlar huquqlarini rag'batlantirish, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tuzilgani hamda vazirning birinchi o'rinbosari zimmasiga gender masalalari bilan bevosita shug'ullanish yuklatilgani diqqatga loyiqdir. Shuningdek, gender masalalari bo'yicha statistik ma'lumotlarni to'plash, tahlil qilish bo'yicha alohida bo'lim (gender.stat.uz) tashkil etilgan.
O'zbekiston parlamenti Pekin Deklaratsiyasi va Harakat Platformasini amalga oshirishda, shuningdek Pekin + 25 tashabbusi bo'yicha Hisobotni tayyorlash bo'yicha maslahat va munozaralarda faol ishtirok etdi.
O'zbekiston parlamenti inson huquqlariga, gender masalalariga, tinchlik va xavfsizlikka rioya qilmasdan barqaror rivojlanishga erishib bo'lmaydi, degan fikrga qo'shiladi. Aynan ushbu masalalar dunyo butun inson huquqlari tizimining samarali ishlashini ta'minlashning muhim tarkibiy qismlaridir.
O'zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy ustunlaridan biri parlament rolini oshirish va parlament nazoratini takomillashtirish, ichki va tashqi siyosatning eng muhim vazifalarini hal etish, hukumatning xalqaro faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishdagi vakolatlarini yanada kengaytirish hisoblanadi.
Hozirgi kunda O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRMni) amalga oshirishning Milliy ko'rsatkichlari va mexanizmlari aniqlangan. Gender masalalarini o'z ichiga olgan maqsadlarga erishish imkonini beruvchi huquqiy asosni qurish orqali BRMni amalga oshirishni qo'llab-quvvatlashda parlament asosiy rol` o'ynaydi.
Hozirgi vaqtda BRM monitoringi bo'yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi. Iyul oyida BRM bo'yicha Ixtiyoriy milliy hisobot (VNR) BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga (EKOSOS) taqdim etildi. Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi parlament va jamoatchilik tinglovlarida ham muhokama qilinadi.
O'tgan yili Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganligining 40 yilligi munosabati bilan O'zbekiston parlamenti ikkita yangi qonun – xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar hamda ayollarni zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi qonunlarni qabul qildi. Endi barcha qonun loyihalari gender ekspertizasidan o'tkaziladi.
O'zbekiston parlamenti tarixida birinchi marta Senat raisi etib ayol kishi saylandi. Shu tariqa O'zbekiston parlament palatalarida ayol kishi rahbar bo'lgan davlatlar ichida 56-davlatga aylandi.
Senat Raisi Gender tengligi komissiyasiga ham rahbarlik qiladi. Ushbu komissiya deputatlar hamda inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat.
Parlament qo'mitalari muntazam ravishda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi to'g'risidagi O'zbekistonning Milliy ma'ruzalarini ko'rib chiqadi. Ular inson huquqlari bo'yicha tavsiyalarga rioya qilish jarayonida, shu jumladan hukumat delegatsiyalarining eshituvlarini tashkil etishda qatnashadi.
Hozirgi paytda O'zbekiston parlamenti deputatlari BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengash va shartnomaviy idoralari tomonidan ko'rib chiqiladigan Milliy ma'ruzalar muhokamalarida qatnashmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish uchun Milliy harakat rejalari va "Yo'l xaritalari"ni parlament palatalari tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etilgan.
Shu yilning may oyida parlamentning har ikkala palatasi birinchi marta inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi to'g'risidagi ma'lumotni muhokama qildilar.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav va shartnomaviy idoralarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya 2020 yil 22 iyunda Prezident Farmoni bilan qabul qilindi.
Hozirda Oliy Majlis palatalarida inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish bo'yicha Parlament komissiyasi tuzilmoqda.
O'zbekiston Pekin Harakatlar platformasining yettita jihati bo'yicha ayollar zo'ravonligiga barham berishda katta yutuqlarga erishdi.
Qashshoqlik, ta'lim va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatlarining yetishmasligi, sog'liqni saqlash va reproduktiv salomatlik masalalari, ayollarning inson huquqlariga hurmatsizlik, ayollarning ommaviy axborot vositalarida kam vakillik qilishlari, ekologik muammolar, qizlarga nisbatan kamsitish bilan bog'liq gender muammolari makroiqtisodiy siyosat, ta'lim va sog'liqni saqlash siyosati va gender masalalarini hisobga olgan tashabbuslar bilan minimallashtirildi.
Shuningdek, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda Maktabgacha ta'lim vazirligi kabi yangi vazirliklar tashkil etildi. Bundan tashqari, qizlarning ro'yxatga olinishi va rivojlanishining dastlabki bosqichlarida alohida nazorat funktsiyasi mavjud.
To'rtinchi Butunjahon Ayollar konferentsiyasida olingan majburiyatiga binoan, O'zbekiston gender tenglikni ta'minlash va hayotning barcha jabhalarida ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha doimiy choralarni ko'rmoqda.
O'zbekiston hukumati gender tenglikka erishish maqsadlarini mamlakatni rivojlantirish strategiyasiga birlashtirdi. Ayollarning huquqlarini qo'llab-quvvatlashda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan o'ndan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. BRM maqsadlarini amalga oshirishning 32 ta gender ko'rsatkichlari tasdiqlandi.
Shunday bo'lsa-da, bugungi kunda COVID-19 global pandemiyasining ta'siri ayollar ko'proq ishlaydigan sohalarga zarba berib, erkaklarga qaraganda ayollarga ko'proq zarar yetkazmoqda.
O'zbekistondagi aksariyat ayollar ta'lim yoki tibbiyot sohasida ishlashni istaydilar. Shu sababli davlat va xususiy ta'lim muassasalarining yopilishi, o'z navbatida, qizlarning Internetda o'qishga moslashishi yoki bir muddat ish vaqtini to'xtatib, yangi voqelikka ko'nikishini taqozo etmoqda.
Tibbiyot sohasida ishlaydigan ayollar esa so'nggi bir oy ichida O'zbekistonda COVID-19 holatlarining ko'payishi sababli odatdagidan ko'proq ishlashga majbur bo'ldilar. Hozirgi kunda ham o'z ishiga sodiq qolgan va begunoh insonlar hayotini saqlab qolish mas'uliyatini zimmasiga olgan ayollar - kasallik yuqtirish xavfiga qaramay - faoliyatini davom ettirmoqdalar.
Global pandemiya sharoitida hukumatning doimiy ravishda qo'llab-quvvatlashga qaratilgan sa'y-harakatlariga qaramay, ko'plab ayollar va qizlar qashshoqlikka duch kelib, ko'p yillar davomidagi taraqqiyotning ortga surilgani kuzatildi. Xususan, tadbirkor va mahoratli ayollar sonini ko'paytirish sohasidagi yutuqlar pandemiyaning bozor iqtisodiyotiga salbiy ta'siri tufayli to'xtab qoldi.
Eng muhimi, ayollarning salomatligi va farovonligi ustuvor vazifadir. Mamlakat pandemiyadan keyin odatiy hayot tarziga qaytgach, biznes va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash yana ustuvor vazifaga aylanishi tayin.
Qonunchilikda gender masalalari: parlament a'zolari uchun qo'llanma
Gender masalalari yuzasidan qonunchilikni yaratish bo'yicha qo'llanmaning nashr etilishi ko'plab sabablarga ko'ra muhimdir. Avvalo, bunday qo'llanma sayyoramizning har bir fuqarosi asosiy huquqlarini kafolatlash, barcha birdek hurmat qilinadigan va bir-birini hurmat qiladigan uyg'un jamiyatlar yaratish va iste'dodlarning to'liq imkoniyatlaridan foydalanishda juda qo'l keladi.
Ushbu qo'llanmada asosiy masalalarning aksariyati qamrab olingan. Shu bilan birga, bugungi kunda urush, tabiiy ofatlar va pandemiya kabi favqulodda vaziyatlarda ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari e'tibordan chetda qolganidan ham ko'z yumib bo'lmaydi.
Eng asosiysi, qo'llanmada genderga oid qonunchilik muammolari bilan shug'ullanish uchun juda foydali strategiyalar keltirilgan. Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan bu boradagi hamkorlikning amaliy yo'nalishlari ko'rsatib berilgan.
Bundan tashqari, qo'llanmada parlament a'zolariga Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg'armasi, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar amaldagi qonunchilikni qayta ko'rib chiqish, yangi qonun loyihalarini tayyorlash va targ'ibot ishlarini amalga oshirishda qanday yordam berishi mumkinligi yuzasidan muhim yo'nalishlar bayon etilgan.
Shuningdek, qo'llanmada milliy parlamentlarda ayollar fraktsiyasini tashkil etish va o'zaro hamkorlik qilish bo'yicha zarur tavsiyalar berilgan.
Parlamentlararo ittifoq ma'lumotlariga qaraganda, dunyodagi qonun chiqaruvchi organlarning 87 tasida rasmiy yoki norasmiy ayollar fraktsiyalari tashkil etilgan.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib shuni aytib o'tishim mumkinki, bu borada O'zbekistonda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining tashkil etilishi ham ulkan ahamiyat kasb etdi.
Mamlakat, mintaqa yoki dunyo miqyosida gender tengligi sohasidagi muammolarni muhokama qilishda qo'ldan boy bermaslik kerak bo'lgan yana bir muhim jihat shuki, ko'pchilik parlamentlar erkaklar va ayollarning teng ulushidan iborat emas. Shu ma'noda, parlament a'zolari gender tenglik bo'yicha o'z ishlarini aynan parlamentlardan boshlashlari maqsadga muvofiqdir.
Qo'llanma parlament a'zolari uchun maxsus ishlab chiqilgan. Shu sababli unda gender masalalari bo'yicha kam vakillikka ega bo'lish masalasi va bu bo'shliqni bartaraf etish bo'yicha amaliy ko'rsatmalar ham aks ettirilsa maqbul bo'lur edi.
Eng muhimi, qo'llanma dunyoda ayollar tengligi va ayollar huquqlari bo'yicha vositalar va manbalar ro'yxatini ilova sifatida o'z ichiga olishi ayni muddaodir.
O'zbekiston parlamenti gender tenglikni ta'minlash va ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan kun tartibini va maqsadlarini amalga oshirish uchun milliy va xalqaro miqyosdagi barcha manfaatdor tomonlar bilan yaqindan ish olib bormoqda.
Gender tengligi bo'yicha barcha manfaatdor tomonlar o'rtasidagi hamkorlikning so'nggi misollaridan biri sifatida - Maktabgacha ta'lim vazirligining tashkil etilganini ko'rsatish o'rinlidir.
O'zbekiston majburiy o'rta ta'lim berish bo'yicha dunyoning ko'plab mamlakatlaridan oldinda bo'lsa-da, oliy o'quv yurtlariga ayollarning qamrab olinishi bir necha yillardan beri parlamentni tashvishga solmoqda. O'tkazilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, maktabgacha ta'limda qiz bolalarga qaraganda ko'proq o'g'il bolalarga imkon beradigan asosiy sabab yashirin bo'lishi mumkin.
Vaziyatni tubdan o'zgartirish uchun Maktabgacha ta'lim vazirligiga ayollarni bolalar bog'chalariga qabul qilish ko'rsatkichlarini kuzatib borish va ushbu ko'rsatkichlarni yaxshilash vazifasi yuklatildi.
Shunday qilib, qo'llanmani har bir mamlakat parlamentining ishchi tiliga tarjima qilish lozim. Bu kabi omillar Parlamentlararo ittifoq va "BMT-Ayollar" tuzilmasining qo'llanmada qayd etilgan muammolar bo'yicha tashabbus ko'rsatishga parlament a'zolarini jalb qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, degan fikrdamiz.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari,
Parlamentlararo ittifoq raisining o'rinbosari
- Qo'shildi: 03.08.2020
- Ko'rishlar: 4093
- Chop etish