2020 yil 7 noyabrda Buxoro shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi, hamda Oliy sud, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda qonun ustuvorligi yo'lida hamkorlik” qo'shma loyihasi, YEHHTning O'zbekistondagi loyixalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Gender tenglikni ta'minlashda sud tizimining o'rni” mavzusida amaliy seminar bo'lib o'tdi.
Tadbirda gender balansga erishish hamda milliy sud tizimida gender jihatlarni qamrab olgan yo'l xaritasini joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Seminarda kirish so'zlari bilan O'zbekston Respublikasi Oliy sudi raisichining birinchi o'rinbosari R. Maxmudova, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari D. Muratova chiqdilar.
Gender komponentlarini sud tizimiga joriy qilishda qo'llaniladigan xalqaro andozalar va amaliyot o'rganildi. Odil sudlovni amalaga oshirishda gender tenglikni ta'minlanishini kafolatlash, gender tenglikni ta'minlash va gender diskriminatsiyani bartaraf etishda sudyalarning o'rni, ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimida ayollar ishtirokini yanada ko'paytirish bo'yicha O'zbekiston tajribasi kabi masalalarga alohida urg'u berildi.
Seminarda “Ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish: eng yaxshi xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Sud tizimida ayol-sud`yalar sonini oshirish bo'yicha xorijiy tajribani o'rganib chiqish”, “Ayollar huquqlarini ta'minlash va himoya qilish sohasida sudlar faoliyati samaradorligini baholash uchun gender indikatorlarni ishlab chiqish va joriy etish”, shuningdek, “Sud tizimida gender tenglikni ta'minlash bo'yicha Yo'l xaritasi loyihasi” mavzularida tahliliy tadqiqotlar taqdim qilindi.
Tadbirda ta'kidlaganidek, 2017 yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasida davlatimizni xalqaro maydondagi imidjini oshirishga alohida urg'u berilgan. Bu yo'nalishda boshqa muhim vazifalar bilan bir qatorda mamlakatimiz tomonidan qabul qilingan xalqaro konventsiyalar va shartnomalar, BMTning inson xuquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy organlarining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda hukumatning xalqaro-huquqiy majburiyatlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlari qabul qilinishini ham nazarda tutadi.
O'zbekiston Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni qabul qilish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlari tarafdori ekanligini tasdiqladi. Mazkur hujjatning 5-maqsadi «Gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish»ga, 16-maqsad esa «Barqaror rivojlanish maqsadlari yo'lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko'maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni ta'minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish»ga bag'ishlangan.
2019 yilda diskriminatsiya yoki tazyiqqa uchraganda sudga murojaat qilishni ko'zda tutadigan O'zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi Qonunlari qabul qilindi.
Seminarda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi, Oliy sud, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari hamda Buxoro viloyatidagi sudlar sud`yalari va sud xodimlari ishtirok etishdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 07.11.2020
- Ko'rishlar: 4142
- Chop etish