Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Seul shahrida “Mirziyoyev doktrinasi: global beqarorlik davridagi imkoniyatlar diplomatiyasi” nomli kitobning koreys tilidagi nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Koreya Respublikasining ilmiy va ishbilarmon doiralari vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari hamda xalqaro hamkorlikning amaliy natijalari haqida fikr yuritdi.
Taʼkidlanganidek, kitobda inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosati, yaxshi qoʻshnichilik, ochiqlik, oʻzaro ishonch va pragmatik hamkorlik tamoyillari asosida olib borilayotgan diplomatik saʼy-harakatlar keng yoritilgan.
Xususan, Markaziy Osiyoda doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar jalb etish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida erishilgan natijalarga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari, sanoat, transport, taʼlim, tibbiyot va yuqori texnologiyalar sohalaridagi qoʻshma loyihalar ikki mamlakat hamkorligining amaliy ifodasi ekani qayd etildi.
Mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash, majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni mustahkamlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish hamda taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish yoʻnalishlarida amalga oshirilgan islohotlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi.
Tadbirda Oʻzbekistonning soʻnggi oʻn yillikdagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish va ilm-fan sohasini rivojlantirish borasidagi natijalar alohida taʼkidlandi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
