Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Toshkentda o'tgan 6-seminari ishtirokchilari 8 oktyabr` kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi va Registon ansambli bilan tanishdilar.
– O'zbekistonda muqaddas ziyoratgohlar, masjidlarni obod etish, Toshkentdagi “Usmon mus'hafi” yoki Samarqanddagi “Sahihi Buxoriy” kabi nodir qo'lyozmalarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, – deydi IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zosi, Senegal vakili Cheikh Tidiane Thiam. – Bu ushbu sohaga alohida e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Bugun eng katta orzularimdan biri ushaldi. Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish nasib etdi. Shuningdek, azim va navqiron Samarqand shahrining go'zalligidan, Registon tarovati-yu, Amir Temur maqbarasining o'ziga xos milliy arxitekturasidan lol qoldim. Nasib etsa, O'zbekistonga yana kelishni niyat qildim.
Mo''tabar mehmonlar Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan Hadis ilmi maktabi bilan tanishuv chog'ida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida ezgulik va insonparvarlik dini bo'lmish islomning asl mohiyatini yosh avlodga o'rgatish, ularni insonparvarlik ruhida tarbiyalash, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulug' allomalarimizning munosib davomchisi bo'ladigan muhaddislarni kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgani ta'kidlandi. Bu maktabda saboq olayotgan yoshlarning zehni, ilmi, odobi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
– Imom Buxoriy maqbarasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi yonma-yon joylashgani e'tiborimni tortdi, – deydi IHTga a'zo Marokash davlati vakili Al Said Ali Zaxabi. – Hadis ilmi maktabida ta'lim-tarbiya olayotgan yoshlar tadqiqot markazida izlanishlarini davom ettirishlari, biz tomosha qilgan Markaz muzeyidagi nodir qo'lyozmalarni o'rganishlari va albatta, buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib, ruhiy, ma'naviy quvvat olishlari mumkin. Bu maktab tarbiyalanuvchilari dinimiz rivojiga, uni turli tahdidlardan asrashga hissa qo'shishlariga ishonaman.
– Komissiyamizning Toshkent shahrida o'tkazilgan 6-seminariga juda katta tayyorgarlik ko'rilgani va anjuman yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta'kidlamoqchiman, – deydi IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zosi, Ozarbayjon vakili Aydin Safixanli. – Tadbir doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar, ta'lim maskanlariga uyushtirilgan sayohatlar bizda ulkan taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yer yuzining sayqali, sharq javohiri Samarqand shahrini, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish imkoniyati yaratilganidan benihoya xursandmiz. Xalqaro seminar doirasida tashkil etilgan Samarqand safari hayotimizda unutilmas voqea bo'lib qoladi. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari mangu orom topgan muqaddas maskanning ulug'vor salobatidan, obodligidan hayratga tushdik.
– Milliylik va zamonaviylik uyg'unlashgan mamlakatingiz nafaqat ko'rkam tarixiy me'moriy obidalari bilan, balki zehnli va bilimli yoshlari bilan ham bizni lol qoldirdi, – deydi IHTga a'zo davlat bo'lmish Gambiya Respublikasi Adliya vazirligi vakili Fatou Njie. – Yoshlar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini eshitib, O'zbekistonda ulug' ajdodlariga munosib avlodlar kamol topayotganiga amin bo'ldik. Yoshlar – bu kelajak degani. Demak, O'zbekistonning kelajagi munosib qo'llarda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.10.2019
- Ko'rishlar: 6237
- Chop etish