*
Mashhur yunon tabibi Gippokratning “Tabobat barcha ilmu san'atlar ichida eng buyuk ilm va san'atdir”, degan so'zlari mashaqqatli va ezgu faoliyatingizga berilgan haqqoniy bahodir.
*
O'z aholisining sog'lig'ini muhofaza qilish – har qaysi davlat va jamiyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega dolzarb masala sanaladi.
*
Yurtimiz hududida qadimdan ko'plab shifo maskanlari, tibbiy madrasalar faoliyat yuritgani, Abu Ali ibn Sino kabi mutafakkir bobolarimiz yaratgan bebaho asarlar, ularning dori-darmon tayyorlash va davolash usullari butun jahonda mashhur bo'lgani ajdodlarimizning bu soha rivojiga qanday katta e'tibor qaratganidan dalolat beradi.
*
Mamlakatimizda tub yangilanishlarni avvalo ijtimoiy hayotimizning eng muhim yo'nalishlari bo'lmish tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sog'lig'ini muhofaza qilishdan boshlaganimiz bejiz emas.
Chunki tinchlik va sog'liq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan o'lchab, baholab bo'lmaydigan buyuk ne'matdir. Faqat sog'lom inson va sog'lom xalq mislsiz ishlarga qodirligini hammamiz yaxshi anglaymiz.
*
O'tgan davrda sog'liqni saqlash tizimida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Shu sababli keyingi uch yil davomida yurtimizda fuqarolar murojaatlari, fikr-mulohaza va takliflari atroflicha o'rganilib, tibbiyot tarmog'ini chuqur isloh qilish bo'yicha 170 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
*
Xususan, “O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmon asosida 2019-2025 yillarda Sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi.
*
Bularning barchasi birlamchi tibbiy sanitariya hamda shoshilinch va tez yordam bo'g'inidan tortib, yuqori tuzilmalarigacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy e'tiborni inson omiliga yo'naltirish, tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini xalqaro mezonlar darajasiga yetkazish borasida yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda.
*
Ma'lumki, kasallikni davolashdan ko'ra, uning oldini olish oila uchun ham, davlat uchun ham samarali va foydalidir. Shu bois mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
*
Ayni paytda tibbiy-sanitariya yordami ko'rsatishni yaxshilash maqsadida yurtimizda 817 ta qishloq vrachlik punkti, 798 ta qishloq va 178 ta shahar oilaviy poliklinikalarida ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, ijtimoiy dorixonalar, kunu tun ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi hamda 5 ta tor soha mutaxassislarining faoliyati yo'lga qo'yildi.
*
Jismoniy shaxslar eng ko'p murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yo'nalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818 tadan 1666 taga yetkazildi va ular aholi yashaydigan hududlarga yaqinlashtirildi. Avtotransport parkini yangilash uchun 1500 dan ortiq “Tez yordam” mashinalari xarid qilindi.
*
Yana bir asosiy yo'nalish – reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo'yicha milliy dasturlar amalga oshirilmoqda. Hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida ilgari mavjud bo'lmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi yangi bo'limlarda murakkab davolash amaliyotlari o'tkazilmoqda.
Bunday ulug'vor o'zgarishlar yurtimizda xotin-qizlar sog'lig'ini mustahkamlash, onalar va go'daklar o'limining keskin kamayishida muhim omil bo'lmoqda.
*
Shuningdek, patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda yo'lga qo'yildi. Ayniqsa, yolg'iz, keksa, nogironligi bo'lgan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni, bo'lajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan to'liq qamrab olish borasida beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir shaxsning salomatligini puxta o'rganishlari tufayli kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
*
Keyingi vaqtda joylarda qo'shimcha muassasalar barpo etilishi hisobiga allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insul`t, travmatologiya va ortopediya, neyroxirurgiya kabi yo'nalishlarga ixtisoslashgan markazlar soni 16 taga yetkazildi. Hududlarda 310 ta ixtisoslashgan bo'limlar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 14 ta filiali ochildi.
*
Nafaqat poytaxtimiz, balki Namangan, Xorazm, Farg'ona, Buxoro, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarda kardiojarrohlikka oid eng murakkab amaliyotlar, yetakchi markazlarimizda buyrak va jigar, o'zak hujayra transplantatsiyalari muvaffaqiyatli bajarilayotganini alohida ta'kidlash o'rinlidir.
*
Tarmoqda xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik hamda institutsional va huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, ularga keng imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida bu yo'nalishdagi shifoxonalar soni 5300 dan oshdi.
*
Shuningdek, qisqa vaqt ichida AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil kabi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 100 dan ortiq zamonaviy xususiy klinikalar ish boshladi.
*
Ayni paytda mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy ta'lim dargohi va ularning 4 ta filiali, shuningdek, xorijdagi nufuzli tibbiy-ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etilgan 22 ta xalqaro fakul`tet sohaga malakali va yetuk mutaxassislarni yetishtirib bermoqda.
*
Respublikamiz farmatsevtika sanoati ham izchil rivojlanib, arzon va sifatli dori vositalarini kafolatlangan tarzda yetkazib berish, ularga narx belgilashning ta'sirchan shakllari ishlab chiqilmoqda.
*
Sog'liqni saqlash tizimini moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirilishi islohotlar natijadorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion so'm yo'naltirilgan bo'lsa, 2019 yilda bu ko'rsatkich 12,1 trillion so'mga yetdi. Bu o'tgan yillarga qaraganda 1,6 barobar ko'p demakdir. Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar xarid qilish hamda tibbiyot ob'ektlarini qurish-ta'mirlash ishlariga ajratilayotgan mablag'lar hajmi ham 3 barobarga ortdi.
*
So'nggi uch yilda 1300 dan ortiq davolash muassasasida qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilib, ular 2019 yilning o'zida 100 million AQSH dollari miqdoridagi zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
*
Davlatimiz tomonidan shifokorlarning zalvorli mehnatini munosib qadrlash, ularning ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlash, moddiy va ma'naviy jihatdan rag'batlantirishga jiddiy yondashilmoqda. Bu kabi har tomonlama qo'llab-quvvatlash ishlari bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.
(Prezident Shavkat Mirziyoevning
O'zbekiston sog'liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrigidan)
- Qo'shildi: 11.11.2019
- Ko'rishlar: 5410
- Chop etish