2021 yil 10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, Prezidentimizning tashabbuslari bilan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda so‘z erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar o‘z qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda taʼminlash uchun barcha shart-sharoit yaratilib kelinmoqda.
Biroq so‘nggi vaqtlarda ayrim veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning axborot olish va uni tarqatish madaniyati to‘liq shakllanmagani sababli, ular o‘z huquqlarini amalga oshirishlarida boshqa shaxslarning qonun bilan kafolatlangan huquq va manfaatlariga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
Shu asnoda, Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Hujjat bilan veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan blogerlarning ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikni daʼvat etish, aholi xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on maʼlumot tarqatish, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish, huquqqa xilof harakatlarni sodir etish maqsadida axborotni tarqatishlariga qarshi va ularning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normalarini kiritish belgilangan.
Shuningdek, majlisda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan taqdim etilgan Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro G.Xaydarovaning xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017 yil 27 iyundagi “Qarshi shahar hokimining 2011 yil 20 maydagi X-379/5-sonli qarorini bekor qilish to‘g‘risida”gi 88/19-5-sonli qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Qarshi shahar hokimining 2011 yil 20 maydagi qaroriga asosan Qarshi shahar Paxtazor mitti tumanida joylashgan xonadon fuqaro G.Xaydarovaga xususiylashtirib berilib, 2011 yil 28 iyul kuni 7052-sonli uy-joyga huquqiy egalik qilish davlat orderi hamda 2015 yil 22 sentyabrda kadastr hujjatlari rasmiylashtirib, mulkka egalik huquqi berilgan.
Bu borada yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan. Majlisda mazkur o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Senat Kengashiga ushbu qarorni bekor qilish masalasini Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritishni tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
- Qo'shildi: 11.03.2021
- Ko'rishlar: 3533
- Chop etish