Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishda yangi imkoniyatlar (+video)

O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka chek qo‘yish, ularni himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kundan kunga kuchaytirilmoqda.

Davlat tomonidan ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, maishiy zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularni reabilitatsiya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.

—So‘nggi yillarda tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida bir qator muhim qonunlar qabul qilindi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi bosh mutaxassisi Zulfiya Abdurasulova. —Shu bilan birga, raqamli xizmatlar yo‘lga qo‘yildi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda maxsus reabilitatsiya markazlari tizimi shakllantirildi. Bu markazlar orqali ayollar himoya orderlari olish va xavfsiz joyga joylashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlari shoshilinch qabul bo‘limlari qoshidagi Birlamchi ko‘mak xonalariga murojaat qilishi mumkin. U yerda ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatiladi va psixolog, huquqshunos va ijtimoiy xodim tomonidan 3 kun davomida tegishli yordam beriladi. Agar zarur bo‘lsa, jabrlanuvchilar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga yo‘naltiriladi.

Tazyiq yoki zo‘ravonlik holati haqida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodim, ichki ishlar organlarining 102 raqami yoki profilaktika inspektorlari, "112" yagona dispetcherlik xizmati, 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga murojaat qilishlari mumkin.

Murojaatdan so‘ng bir sutka ichida profilaktika inspektori zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkazadi. Ijtimoiy xodim jabrlanuvchining holatini baholaydi. Zarurat bo‘lsa himoya orderi rasmiylashtiriladi va jabrlanuvchi xavfsiz joyga joylashtiriladi.

“Inson” markazlari hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi tomonidan xotin-qizlar va ularning bolalariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Yangi elektron modul orqali himoya orderlari va jabrlanuvchi ma’lumotlari real vaqtda markazlarga yetkaziladi. Bu yordamni tez va samarali tashkil etish imkonini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, ayollarning xavfsizligi — jamiyat barqarorligi va kelajak avlod uchun muhim ahamiyatga ega.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA

Powered by GSpeech