BMT Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi
qabul qilinganligining 30 yilligiga
Murg'ak go'dakni suyub-erkalab ko'kka otsangiz, u qo'rqmaydi, aksincha, shodon qiyqirib, sizni ham quvonchiga sherik qiladi. U biladi: ishonchli qo'llar yiqilishiga aslo yo'l qo'ymaydi. Bu – buyuk ishonch! Ana shu ishonchning hech qachon so'nmasligi sizu bizga, butun insoniyatga ulkan mas'uliyat yuklaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz — mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O'zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o'rin egallashi ham — bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o'sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo'lib voyaga yetishiga bog'liqdir.
Bu haqda fikr yuritganda, xalqaro huquqning jismoniy va aqliy jihatdan kamolotga yetmagan, jumladan, alohida e'tibor va g'amxo'rlikka muhtoj bolalarning huquq, imtiyoz va kafolatlarini qamrab oluvchi «bola huquqlari» degan sohasi mavjudligini ta'kidlash lozim. Inson huquqlarining ajralmas qismi sanaluvchi ushbu alohida soha o'ziga xos taraqqiyot yo'lini bosib o'tdi.
Bola huquqlarini himoya qilish va kafolatlashni nazarda tutuvchi xalqaro-huquqiy hujjatlar ro'yxatining boshida, shubhasiz, 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi turadi. Binobarin, ushbu Deklaratsiya «Hamma odamlar o'z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo'lib tug'iladilar» degan ulug'vor e'tirof bilan boshlanishi bejiz emas.
O'z navbatida, 1959 yilda Bola huquqlari deklaratsiyasini qabul qilish orqali Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun insoniyatni, ota-onalar, davlatlar hukumatlarini bolalarning huquq va erkinliklarini tan olishga, ularga rioya qilishga chaqirdi. Tavsiya mazmunidagi ushbu Deklaratsiya bola huquqlari sohasida ulkan o'zgarishlar davrini boshlab berdi.
Shu ma'noda, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya bola huquqlariga doir birinchi va asosiy xalqaro-huquqiy hujjatdtir. Bu Konventsiya BMT tomonidan 1989 yil 20 noyabrida qabul qilingan. Dunyodagi 196 ta davlat, shu jumladan, BMT a'zosi bo'lmagan Vatikan kabi davlatlar ham mazkur Konventsiya ishtirokchilari hisoblanadi.
O'zbekiston Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo'shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat mamlakatimiz uchun 1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan.
Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham qabul qilinganining 30 yilligi keng nishonlanayotgan mazkur Konventsiya bola huquqlarining xalqaro miqyosda himoya qilish yo'lida munosib xizmat qilib kelmoqda.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya bola huquqlariga doir milliy qonunchilikni rivojlantirishning mukammal andozasi sanaladi. Konventsiya mamlakatimizda bolalar huquqlariga oid milliy qonunchilikning mustahkam bazasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Konventsiya qoida va normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, shu orqali uning talablarinini yanada keng ro'yobga chiqarish maqsadida 2008 yili O'zbekiston Respublikasining «Bola huquqlari kafolatlari to'g'risida»gi Qonuni qabul qilindi.
Ayni chog'da mamlakatimiz bolalar manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga doir barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo'shilgan. BMTning Balog'atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari, 1985 yil) hamda Voyaga yetmaganlar o'rtasida jinoyatlarning oldini olish uchun bosh tamoyillari (Ar-Riyod bosh tamoyillari, 1990 yil) shular jumlasidandir.
Dunyoning turli hududlarida siyosiy tanglik, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik uzoq vaqtlardan beri davom etayotgan bir vaziyatda u yerdagi bolalarning taqdiri, kelajagi haqida chuqurroq o'ylab, o'zimizga tasavvur qilib ko'radigan bo'lsak, jahonda bola huquqlari himoyasi masalasi qanchalik dolzarb ekani yana bir bor ayon bo'ladi.
YUNISEF ma'lumotiga ko'ra, hozir ko'plab bolalar jismoniy va ruhiy tazyiq odatga aylangan oilalarda istiqomat qilishadi. Bundan tashqari, har o'ninchi bola kattalarning beshafqatligi qurboniga aylanmoqda.
Odatda himoyaga, yordamga yoki alohida g'amxo'rlikka muhtoj ana shu tabaqa vakillari hayotini tashvishlardan holi etish, ular osmonini qora bulutlardan tozalash har doim ham muqaddas burch bo'lib kelgan. BMTning xalqaro bolalar jamg'armasi – YUNISEF va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar navqiron avlod turmush farovonligini yuksaltirish, ularni turli ofatlardan asrash, huquqlarini himoya qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarni amalga oshirishda bosh-qosh bo'lmoqda.
Jahon hamjamiyatining qashshoqlik va ochlikni tugatish, savodsizlikka barham berish, qochoqlar muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlari birinchi galda bolalar to'g'risidagi g'amxo'rlik ifodasi, albatta. Zero, yuqorida tilga olingan illatlar, avvalo, jahon bolalarining hayotini izdan chiqarmoqda.
XX asr sahnasida yuz bergan har ikki jahon urushi, ona zaminimizda bo'lib o'tgan va hozir ham davom etayotgan ko'p sonli urushlar va harbiy to'qnashuvlardan avvalo bolalar jabr ko'rmoqda. Oxirgi yarim asr mobaynida xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari sohasida bir qator konventsiyalar qabul qilindi.
Shunga qaramay, himoyasiz bolalar va ayollarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo'lish, ularni zo'rlash, qiynash va o'ldirish, aksariyat hollarda yosh bolalarni urushga yollashdek og'ir illatlarga har qadamda duch kelinmoqda. Hozirgi kunda ham dunyoning qator hududlarida sayyoramiz hayotiga xavf solayotgan mahalliy va etnik urushlar, milliy nizolar davom etayotgani afsuslanarlidir.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyuldagi qaroriga asosan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tadbirlar dasturi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini bajarish yo'lida navbatdagi muhim qadam bo'ldi.
Tadbirlar dasturi O'zbekistonda ta'limning barcha bosqichlarida bola huquqlari sohasidagi ta'lim faoliyati samaradorligini oshirish; innovatsion texnologiyalarni hisobga olgan holda, bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish usullari va shakllarini takomillashtirish; bola huquqlarini himoya qilishning dolzarb jihatlari bo'yicha milliy va xalqaro axborot-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish; BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini amalga oshirishga bag'ishlangan adabiyotlar va boshqa materiallarni tayyorlash va chop etish kabi yo'nalishlarda 19 ta amaliy chora-tadbir belgilangan. Hozirgi kunga kelib ularning aksariyati bajarildi.
Birgina misol: Tadbirlar dasturining 3-bandida mamlakatning barcha maktablarida, litseylarida, kollejlarida, oliy ta'lim muassasalarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag'ishlangan umummilliy dars o'tkazish vazifasi belgilangan. Markazimiz mas'ul xodimlari ham ushbu tadbirga faol ishtirok etish uchun hozirlik ko'rmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning zamon bilan hamnafas o'sib-ulg'ayayotgan yoshlarga qarata: “Bugun zamon shiddat bilan o'zgaryapti. Bu o'zgarishlarni hammadan ham ko'proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o'z davrining talablari bilan uyg'un bo'lsin. Lekin ayni paytda o'zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug' zotlarning avlodimiz, degan da'vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o'zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan” degan so'zlari g'oyat dolzarb va ahamiyatlidir.
Sevara Abzalxo'jaeva,
Inson huquqlari bo'yicha
xalqaro hamkorlik bo'limi mutaxassisi
- Qo'shildi: 19.11.2019
- Ko'rishlar: 5571
- Chop etish