(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 4-maqola)
Har bir oila uchun turar joy – barqarorlik va xavfsizlik asosidir. Bu odamlarning ijtimoiy, maishiy va ba'zan iqtisodiy turmush kechirishi markazi hisoblanadi. Afsuski, ko'p hollarda turar joy shunchaki tovar, ko'chmas mulk deb o'ylanadi. Biroq turar joy bu - birinchi navbatda inson huquqlari ekanligini yodda tutish kerak.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi har bir shaxsning mulkka egalik qilish huquqini e'lon qiladi va mulkidan g'ayri ixtiyoriy judo qilinish man etiladi. Shaxsiy va oilaviy hayotga g'ayri ixtiyoriy yoki noqonuniy aralashishdan holi bo'lish, turar joy daxlsizligiga g'ayri ixtiyoriy yoki noqonuniy tajovuz qilinishidan himoyalanish huquqi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktda mustahkamlab qo'yilgan.
Ushbu masala bo'yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Maxsus ma'ruzachisi davlatlar insonning turar joy huquqiga to'sqinlik qiladigan biror chora ko'rmasliklari zarurligini ta'kidlagan. Har qanday qurilish amalga oshirilishi tasdiqlanishidan oldin uning inson huquqlariga ta'siri baholanishi kerak. Bunday baholanish davlat tashkilotlari tomonidan uy-joy egalari bilan ochiq muhokama etilishi talab qilinadi. O'z turar joyidan majburiy ko'chirilgan jabrdiydalar yetkazilgan har qanday – ham ma'naviy, ham moddiy zarar uchun adolatli va mutanosib kompensatsiya olishlari shart.
2019 yil 19 aprel kuni Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov shikoyat bilan murojaat qilgan tadbirkor-investor Muhammadbobur Xo'jaevni qabul qildi. U Toshkent shahridagi Mirobod tumani Rishton ko'chasidagi 106-uy buzilayotganligi, bu 600 nafarga yaqin fuqaroning ishsiz qolishi, 1 million 350 ming AQSH dollari maqdorida zarar keltirishi mumkinligini tushuntirdi. U ushbu muammoni qonun asosida hal etish uchun shaxsan Toshkent shahar hokimi bilan uchrashish bo'yicha murojaatlari inobatga olinmayotganligidan shikoyat qildi.
Markaz rahbari Muhammadbobur Xo'jaevning muammosi huquqni himoya qilish xalqaro tashkilotlari, ayrim chet el ommaviy axborot vositalari e'tiborini ham jalb etganligidan xabardor edi. Xususan, “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov ishtirokida 15 aprel kuni bo'lib o'tgan tadbirda tadbirkorlar va fuqarolardan shaxsiy ko'chmas mulk va uy-joylar buzilishi bo'yicha juda ko'p shikoyatlar tushayotganligi, bunday huquqbuzarlikka misol sifatida Muhammadbobur Xo'jaevning o'z huquqlarini himoya qilish bo'yicha poytaxtning Mirzo Ulug'bek tumani rahbarlari bilan uchrashuvlari samarasiz qolayotganligi, Toshkent shahar hokimi bilan uchrashish imkoniyati berilmagani keltirilgan edi.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jaevga “Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida”gi qonunning 25-moddasiga muvofiq Muhammadbobur Xo'jaevni shaxsan qabul qilish va muammoni qonuniy hal etish shahar hokimining bevosita vakolatiga kirishi yuzasidan rasmiy murojaat qildi va bu masalani o'z nazorati ostiga oldi. Poytaxt hokimligida dastavval ushbu rasmiy murojaat muayyan taajjublanish bilan qabul qilingan bo'lsa ham tadbirkor-investorning muammosini hal etish choralari ko'rildi.
Shundan ko'p vaqt o'tmasdan joylarda tadbirkorlik sub'ektlariga tegishli bo'lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalari olib qo'yilishi, mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilayotgani, ularga yetkazilgan zararlarni qoplashda jiddiy kamchiliklarga yo'l qo'yilayotgani oshkor bo'ldi.
Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan doimiy tarzda yo'l qo'yilgan kamchiliklar qatorida quyidagilar ko'rsatildi:
-bir hokimning ruxsati bilan qurilgan inshootlarning boshqa bir hokimning qarori bilan buzilishi;
-uy-joylarning buzilishi haqida qonun bilan belgilangan muddatda ogohlantirish berilmasligi;
-fuqarolarning roziligisiz boshqa turar joylarga majburiy ko'chirilishi;
-buzilayotgan uylar uchun kompensatsiya pullarining vaqtida berilmasligi yoki uning miqdorlari sezilarli darajada kamligi;
-mutassadilarning uy-joy egalari bilan qo'pol munosabatda bo'lishi va boshqalar.
Adliya organlari tomonidan 2016-2018 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo'yilishida qonun hujjatlariga rioya etilishi ahvoli o'rganilganda bu o'z tasdig'ini topdi. Jumladan, mol-mulki buzilishga tushgan mulkdorlar buzilish boshlanishidan olti oy kechikmay yozma xabardor qilinishi shart bo'lsa-da, buzilgan turar joy egalari 688 ta holatda umuman xabardor qilinmagan, 985 ta holatda xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan. 391 ta holatda turar joylar buzilgandan keyin baholangan.
Qonunchilikka ko'ra, davlat va jamoat manfaatlari uchun olingan yer uchastkalarida joylashgan ko'chmas mulklar uchun kompensatsiya to'lovi buzilishidan oldin to'lanishi shartligi belgilangan. Shunga qaramay, respublika bo'yicha turar joylari buzilgan 37 nafar mulkdorga – 3 milliard 252 million so'm umuman to'lanmagan, 215 nafariga esa – 15 milliard 67 million so'm to'liq to'lab berilmagan. Andijon shahrida 2016 yil may oyida buzilgan 42 ta turar joyni baholash 2018 yil 23 aprelda, ya'ni oradan 2 yil o'tib amalga oshirilgan. To'raqo'rg'on tumani Pastnaymancha va Xo'jand mahallalari hududida 2017 yil may-iyun` oylarida buzilgan 14 ta turar joy uchun hisoblangan 1 milliard so'm kompensatsiya puli umuman to'lanmagan.
Bundan tashqari, deyarli barcha hududlarda turar joylar buzilishi munosabati bilan mulkdorlarni (ularning oila a'zolarini) vaqtinchalik turar joy bilan ta'minlash yoki ularga ijara haqi va ko'chib o'tish xarajatlarini qoplab berish amaliyoti yo'lga qo'yilmagan.
Mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashda yo'l qo'yilgan ana shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 avgustdagi "Fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so'zsiz ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoyishi qabul qilindi. Ushbu Farmoyishga muvofiq, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo'yish to'g'risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo'yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o'tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo'l qo'yilishi belgilandi.
Endilikda fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining yer uchastkalarini olib qo'yish hamda ko'chmas mulk ob'ektlarini buzish ishlari quyidagi uch bosqichda amalga oshiriladi:
-hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo'yicha materiallar to'plami O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
-Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bo'yicha va moliyaviy hisob-kitoblar bo'yicha xulosalar tayyorlanadi;
-xulosa Bosh vazirga ko'rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.
Yer uchastkalari olib qo'yilishi munosabati bilan fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan o'tkazish bo'yicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlari tuzildi.
Hokimlar tomonidan yer uchastkalarini olib qo'yish haqida qaror qabul qilish uchun ushbu hududda joylashgan turar va noturar ko'chmas mulk ob'ektlari mulkdorlarining roziligini olish hamda yer uchastkasi olib qo'yilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bo'yicha yozma kelishuvga erishiladi.
O'zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga ko'ra, buzilayotgan uy-joylar mulkdorlariga, ularning oila a'zolariga, shuningdek ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga (ularning tanlovi bo'yicha va taraflar kelishuviga ko'ra) ikki turdagi kompensatsiya nazarda tutiladi:
1-variant – uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo'lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo'lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to'lanadi;
2-variant – buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo'lgan huquqning bozor qiymati to'liq hajmda to'lanadi.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 30.12.2019
- Ko'rishlar: 5449
- Chop etish