“Tarbiya” fanini yaratish va o'qitish tashabbusi nihoyatda katta ahamiyatga ega

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 avgust kuni bo'lib o'tgan xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida “Tarbiya” fanini yaratish va o'qitish tashabbusi bilan chiqdi. Davlatimiz rahbarii maktablardagi ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etib, «Milliy g'oya», «Odobnoma», «Dinlar tarixi», «Vatan tuyg'usi» kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona «Tarbiya» fanini joriy qilish zarurligi qayd etdi.

– Prezidentimiz ushbu yig'ilishda ta'lim va tarbiyaga doir bir qator yangi g'oya va tashabbuslarni ilgari surdi, – deydi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov. – Xususan, mamlakatimiz rahbarining Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishiga doir tashabbusi jamoatchilik tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda.

Shuningdek, maktablarda «vazir soati», «tadbirkor va bankirlar sabog'i» kabi dars amaliyotlarini joriy qilish hamda ularda ijro organlari rahbarlari, salohiyatli tadbirkorlar, malakali bank xodimlari dars o'tishi bilan bog'liq talab ham nihoyatda hayotiydir.

“Tarbiya” fanini yaratish va o'qitish tashabbusi ham nihoyatda katta ahamiyatga ega. Fikrimizcha, yangi fanning asosini, birinchidan, o'zbek tilini bilish ustuvor vazifasi, ikkinchidan, xalq og'zaki ijodini chuqur o'rganish tashkil etishi lozim. Nega deganda, davlat tili bilan xalq og'zaki ijodi milliy g'oya va tarbiyaning ham asosidir.

Xalq og'zaki ijodida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, yurtsevarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat kabi xislatlarni o'zida jamlagan milliy dunyoqarashning asosiy unsurlari o'z mujassamini topgan.

Xalq og'zaki ijodi – milliy g'urur, or-nomus va qadr-qimmat, vafo va sadoqat, jasorat va matonat, olijanoblik va saxovatpeshalik, bag'rikenglik va halollik kabi fazilatlar sandig'i. O'zbek xalq og'zaki ijodi yodgorliklari – bizning ham tarixiy, ham ma'naviy, ham madaniy, ham huquqiy merosimizdir.

O'z navbatida, «Huquqiy tarbiya» mavzusi «Tarbiya» fanining uzviy qismi bo'lishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu fikrga kelishimizning muayyan sabablari bor.

Gap shundaki, o'tgan yili «Parlament nazorati to'g'risida»gi qonunning 15-moddasida belgilangan deputatlik so'rovi asosida tegishli (8 ta ) vazirliklar tizimidagi ta'lim muassasalarida «Konstitutsiya alifbosi», «Konstitutsiya saboqlari», «Konstitutsiyaviy huquq», «Inson huquqlari», «Davlat va huquq asoslari» kabi o'quv predmetlari bo'yicha bilim berilishining mavjud holatini o'rgangan edik.

Bu boradagi tahlillar aynan Xalq ta'limi vazirligi tizimida eng jiddiy muammo va kamchiliklar mavjudligini ko'rsatdi. Xususan, maktab o'quvchilari yoshi nuqtai nazaridan, qonunchilik talabiga binoan «bola» deb hisoblangani holda, Xalq ta'limi vazirligi tizimida «Inson huquqlari – bola huquqi» predmetidan mutlaqo dars o'tilmayapti. Huquqqa doir fanlarni o'qitishda bir maktabda ushbu fandan bir stavka hajmda ham pedagogik yuklama yig'ilmaydi.

Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot oliy ta'lim muassasalari talabalariga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga doir xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish singari mavzulardagi darslar alohida o'quv predmeti sifatida o'qitilmaydi.

Bundan tashqari, o'rganilgan vazirliklar ta'lim tizimlarida huquq fanlarini o'qitish bo'yicha huquq ta'limi metodikasiga doir ilmiy tadqiqotlar yetarli emas. Keyingi o'n yil ichida mazkur fanni o'qitish metodikasiga doir bironta ilmiy tadqiqot ishi – na nomzodlik, na doktorlik dissertatsiyasi himoya qilinmagan.

Oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun «Huquqiy fanlarni o'qitish nazariyasi va metodikasi» nomli darslik yaratish ehtiyoji mavjud va nihoyatda dolzarb bo'lsa-da, bunday darslik haligacha mavjud emas. Bo'lajak o'qituvchilar huquq fanining nazariy asoslarini chuqur o'rgangan holda, mazkur fanni o'qitish metodikasiga oid malaka va ko'nikmaga ega emasligi kurslar va huquq fanlarini o'qitish samaradorligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Adliya vazirligi tizimidagi akademik litsey va kollejlarda huquqqa doir fanlar doirasida ko'zda tutilgan maqsad va vazifalar o'quvchilarni amaliyotda mehnat faoliyati olib borish, ularda yetarli darajada mutaxassis ko'nikmalarini shakllantirish imkoniyatini bermaydi.

Shu bois ana shu maqsad va vazifalarni nafaqat nazariy bilimlarni shakllantirish, balki bo'lajak amaliyotchilarga zarur bo'lgan ko'nikmalarni, xususan, yuridik yozma fikrlash, muammoli vaziyatlarni hal qila olish kabi kasbiy uquvlarni shakllantirish nuqtai nazaridan yangi o'quv dasturlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Ma'lumki, O'zbekistonning milliy davlatchiligi huquqiy asoslarini ishlab chiqish va shakllantirish hamda huquqiy siyosatni amalga oshirishda huquqshunoslik fani ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimida yetakchi mavqeini egalladi. Shu bilan birga, yuridik fan sohasida yig'ilib qolgan jiddiy kamchiliklarning samarali yechimiga alohida e'tibor berish lozim.

Zero, istiqlol yillarida ijtimoiy munosabatlarning tezkor rivojlanishi yuridik amaliyotning yuridik fandan oldinga o'tib, ilgarilab ketishiga olib keldi. Bugun yuridik fan va yuridik amaliyot daryoning ikki qirg'og'ida yurgandek, go'yo.

Shubhasiz, fan ham nazariy xulosalar yaratishi, ham amaliy takliflar berishi, shuningdek, jamiyatning huquqiy taraqqiyoti istiqbollarini bashorat (prognoz) qilishi, amaliyot esa yangi g'oyalarni hayotga joriy etishi kerak.

Shuning barobarida, yuridik ta'lim bilan yuridik amaliyot o'rtasida uzviy bog'liqlikni ta'minlash vazifasi ham jiddiy muammolardan biridir. Oqibatda, bir tomondan, yuristlar ko'pdek tuyulsa, ikkinchi tomondan, soha bo'yicha yurist kadrlar yetishmasligi yuzaga kelgan.

Bundan tashqari, yuridik ta'lim tizimidan zarur bazaviy yuridik fanlarning yo'nalishlari asossiz chiqarib tashlanmoqda. Bu yerda falsafaning inkorni inkor qonuni yaqqol namoyon bo'lmoqda.

Yuridik ta'lim tizimi yuridik amaliyot ehtiyojidan kelib chiqishi lozim. Sodda qilib aytganda, “Bugungi kunda O'zbekistonga qancha yurist kerak?” yoki “Qaysi mansab lavozimlarida faqat yuristlar ishlashi shart?”, degan savollarga aniq va tahliliy javoblar bo'lishi darkor. Hozircha esa bunday o'zak savollarga aniq
javoblarni hech kim bilmaydi.

Yana bir fikr: yuristlar iqtisodiyot asoslarini, iqtisodchilar esa huquqni, qonunlarni puxta bilishlari zarur.

Bir so'z bilan aytganda, yuridik fan sohasida tizimli islohotlar o'tkazish – bugungi davr talabidir. Xususan, “Konstitutsiyaviy iqtisodiyot” o'quv fanini iqtisodiyot va huquq yo'nalishlaridagi oliy o'quv yurtlarida o'qitishni yo'lga qo'yish islohotlar hozirgi bosqichining taqozosidir.

Butun dunyoda yuridik fan ijtimoiy-gumanitar fanlar orasida yetakchi o'rinni egallaydi. O'zbekistonda ham shunday yuksak mavqega erishilishini ta'minlash kerak.

Afsuski, Fanlar akademiyasi tizimida hozirgi kunda birorta institut yuridik fanning fundamental muammolari bilan shug'ullanmaydi. Shunday ekan, 1966 yilda ko'tarilgan bo'lsa-da, hozirgi vaqtga qadar amalga oshmagan g'oyani endi ro'yobga chiqarish, ya'ni Davlat va huquqning fundamental masalalari bilan shug'ullanuvchi akademik institut tuzish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, akademik A.Saidov hozirgi shiddatli rivojlanish davri mamlakatimizda ijtimoiy fanlarning o'zaro hamkorligini va ilmiy yo'nalishlarini muvofiqlashtirishni taqozo etayotganiga e'tiborni qaratdi. Shu ma'noda, huquqshunos olimning fikricha, yuridik fan mutaxassislari tarix (“O'zbekiston davlati va huquqi tarixi”), falsafa (“Huquq falsafasi”), sotsiologiya (“Huquq sotsiologiyasi”), adabiyotshunoslik (“Adabiyot va huquq”), iqtisodiyot (“Iqtisodiyot va huquq”), sharqshunoslik (“Yuridik manbashunoslik”), pedagogika (“Yuridik pedagogika”), san'atshunoslik (“Yuridik san'atshunoslik”) sohalari vakillari bilan yaqin ilmiy-ijodiy hamkorlik asosida birgalikda kompleks tadqiqotlar olib borishi hamda kitoblar chop etishi davr talabidir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech