3 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining 100-sessiyasida BMT Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi qoidalari bajarilishi yuzasidan O'zbekistonning O'ninchi – O'n ikkinchi qo'shma davriy ma'ruzalari ko'rib chiqildi.
Shu munosabat bilan Jeneva shahriga tashrif buyurgan mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O'zbekiston davriy ma'ruzalarini BMT Qo'mitasi majlisi ishtirokchilariga taqdim etdi.
Delegatsiya a'zolari – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusova, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Aziz Toshpo'latov hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisi Rustambek Qurbonov asosiy taqdimotga qo'shimchalar bilan so'zga chiqdi.
BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasi sessiyasi majlisini ushbu Qo'mita raisi Amir Nureddin (Jazoir) boshqardi. BMT Qo'mitasi nomidan ushbu Qo'mita raisining o'rinbosari Yanduan Li (Xitoy) O'zbekiston davriy ma'ruzalari bo'yicha ma'ruza qildi.
Sessiyada O'zbekistonning davriy ma'ruzalari ochiq, keng va atroflicha muhokama qilindi. Munozaralarda BMT Qo'mitasi raisining o'rinbosari Muril`o Martines Pastor Elias (Kolumbiya), shuningdek, Qo'mitaning 13 nafar a'zosi, jumladan, Chin-Sen Chun (Koreya Respublikasi), Diabi Bakari Sidiki (Kot-d'Ivuar), Dax Fatimata-binta Viktuar (Burkina Faso) va boshqalar aniqlashtiruvchi savollar bilan faol qatnashdi.
* * *
4 dekabr kuni BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining sessiyasida O'zbekistonning davriy ma'ruzalari muhokamasi davom ettirildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari A.Saidov BMT Qo'mitasi a'zolaridan tushgan savollarga batafsil javob qaytardi.
Sessiya ishtirokchilariga BMT Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi qoidalari bajarilishi yuzasidan O'zbekistonda 2018 yilgacha amalga oshirilgan ishlarga doir tarqatma materiallar yetkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.12.2019
- Ko'rishlar: 5083
- Chop etish