Poytaxtimiz markazidagi “International House-Tashkent” akademik litseyi anjumanlar zalida Toshkent shahar adliya boshqarmasi va tuman adliya bo'limlari tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Unda Toshkent shahar adliya boshqarmasi va tuman adliya bo'limlari mas'ullari, soha mutaxassislari, jumladan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev tomonidan qabul qilingan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmon, shuningdek, “O'zbekiston Respublikasi adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror adliya organlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, Prezident Farmoni bilan mamlakatimizning barcha hududlarida ilk bor tuman adliya bo'limlari tashkil etildi. Adliya organlari zimmasiga yuklangan vazifalar salmog'i ortishi bilan bir qatorda soha faoliyati samaradorligini oshirish imkoni yuzaga keldi.
Matbuot anjumanida 2019 yilda Toshkent shahar adliya boshqarmasi va tuman adliya bo'limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan 14 198 ta murojaat kelib tushgani, shundan 8217 ta (58 %) murojaat qanoatlantirilgani qayd etildi. Jumladan, inson huquqlari sohasiga taalluqli 1140 ta murojaatdan 536 tasi hal etilgan, 397 ta murojaat bo'yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan va 375 ta murojaat tegishli vakolatli davlat idoralariga yo'naltirilgan.
Tadbir so'ngida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri
- Qo'shildi: 15.01.2020
- Ko'rishlar: 5168
- Chop etish