“EVROPA ITTIFOQI — O'ZBEKISTON” DO'STLIK GURUHI Ushbu yangi mustaqil platforma o'zaro hamkorlikka xizmat qiladi

Yangi tuzilgan “Evropa Ittifoqi — O'zbekiston” do'stlik guruhi siyosiy, ishbilarmon doiralar, shuningdek fuqarolik jamiyati vakillari o'rtasida yuqori darajadagi muloqotni ta'minlash orqali O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtirishda mustaqil platforma bo'lib xizmat qiladi. Bu e'tirof joriy yil 29 aprel kuni Yevropa parlamentida tashkil etilgan “Evropa Ittifoqi — O'zbekiston” do'stlik guruhining rasmiy ochilish marosimida yangradi.

Do'stlik guruhi faoliyati madaniyat, ta'lim, ilm-fan sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, fuqarolar o'rtasida aloqalarni rivojlantirish, keng doiradagi konstruktiv uchrashuvlar va parlament diplomatiyasi orqali O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi institutlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni kuchaytirishga qaratilgan.

Videokonferentsiya tarzida bo'lib o'tgan marosimda “Evropa Ittifoqi — O'zbekiston” do'stlik guruhi raisi Richard Charnetski, guruh Bosh kotibi Ipek Tekdemir, O'zbekistonning Bel`giyadagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Hakimov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o'rinbosari S.Safoev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov va boshqalar so'zga chiqdi, deyiladi parliament.gov.uz xabarida.

A.Saidov o'z chiqishida qayd etganidek, O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar bo'yicha asosiy organ “O'zbekiston — YeI” Parlament hamkorlik qo'mitasi 2000 yilda tuzilgan bo'lib, O'zbekiston tomoni YeI bilan parlamentlararo munosabatlar rivojlanishining ijobiy dinamikasi davom ettirilishini qo'llab-quvvatlaydi. Ayni paytda tomonlar joriy yilning ikkinchi yarmida Bryussel shahrida “O'zbekiston — YeI” Parlament hamkorlik qo'mitasiniing 15-majlisini tashkillashtirish masalasini ishlab chiqmoqdalar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasi O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning asosiy yo'nalishlari bo'lib, oxirgi yillarda ushbu yo'nalishlardagi ishlar ancha faollashganiga urg'u berildi.

Tadbirda Yevroparlament deputatlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT 75-sessiyasida BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risida”gi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish borasida ilgari surilgan tashabbusi doirasida joriy yil 24 iyun kuni Buxoro shahrida bo'lib o'tadigan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzuidagi xalqaro forumda, 12-13 avgust kunlari Toshkent shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Yoshlar huquqlari bo'yicha Butunjahon konferentsiyasida ishtirok etishga taklif etildilar.

Muloqot chog'ida “O'zbekiston — Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorlik qo'mitasi yangi tuzilgan do'stlik guruhi bilan birgalikda qo'shma rejalar ishlab chiqishi, bu boradagi hamkorlikka doim tayyorligi bildirildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech