BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 21 sentyabr` kuni Farg'ona viloyatiga tashrif buyurdi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi dastlab O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg'ona viloyati bo'yicha Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Diego Garsiya-Sayan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg'ona viloyati bo'yicha Xalq qabulxonasi rahbari R.Mahmudova, viloyat Adliya boshqarmasi boshlig'i B.Hasanov va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i R.Mamatov bilan muloqotda bo'ldi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi uchrashuv uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. “Bunday samarador muassasani ilk bor ko'rib turibman va Xalq qabulxonasi faoliyati menda katta taassurot qoldirdi”, dedi u.
D.Garsiya-Sayan Xalq qabulxonasiga kelib tushadigan murojaatlar soni bilan qiziqdi. Bu murojaatlarning mazmun-mohiyati, xususan, prokuratura va sud tizimlari faoliyati ustidan shikoyatlar qay tarzda o'rganilishi va ularga qancha muddatda va qanday tartibda amaliy yechimlar topilishi haqida mehmonga atroflicha ma'lumot berildi.
Yuridik xizmatlar uchun haq to'lashga imkonsiz shaxslar uchun bepul yuridik yordam taqdim etish xizmati yo'lga qo'yilgani yuqori baholandi. BMT Maxsus ma'ruzachisi qayd etishicha, bunday maqbul tajriba bir qator ilg'or demokratik davlatlarda mavjud. U advokatlar va professional huquqshunoslarning aynan Xalq qabulxonalari timsolidagi xalqchil muassasalarda yuridik yordam ko'rsatishi har tomonlama maqsadga muvofiq ekanini ta'kidladi.
D. Garsiya-Sayan Xalq qabulxonalari xodimlarining penitentsiar muassasalarga tashrif buyurish, shuningdek, mahbuslarning murojaatlarini ko'rib chiqish borasidagi vakolatlari bilan ham qiziqdi. Bundan tashqari Farg'ona viloyatida huquqshunoslar tayyorlaydigan ta'lim muassasalari mavjudligi masalasiga e'tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida BMT Maxsus ma'ruzachisi “Xalq qabulxonalari – boshqa aksariyat mamlakatlar amaliyotida uchramaydigan tamomila yangi tajriba” ekanini ta'kidladi. “Bunday noyob muassasalar barcha mamlakatlarda tashkil etilishi darkor, chunki ular davlat rahbari bilan xalq o'rtasida ishonchli muloqot o'rnatish uchun imkoniyat yaratadi”, dedi D. Garsiya-Sayan pirovardida.
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.09.2019
- Ko'rishlar: 5801
- Chop etish