BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 23 sentyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi dastlab Samarqand viloyat sudi rahbariyati, sud`yalari va xodimlari bilan muloqotda bo'ldi. Mo''tabar mehmon sud binosi, bu yerda sud`yalar va sudning barcha ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Diego Garsiya-Sayan sud tizimiga tatbiq etilgan «E-sud» milliy tizimi va «E-xat» tizimi faoliyatini ko'zdan kechirdi. Tumanlardagi sudlar uchun ham shunday shinam binolar qurilgani va qulay sharoitlar bunyod etilgani bilan qiziqdi.
Aholi vakillari sud binosiga kelmasdan, ya'ni uzoqdan turib sudlarning zamonaviy axborot tizimidan foydalanishi uchun imkoniyat mavjudligi masalasiga e'tibor qaratildi. BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo'yicha xodimi Stefano Sensi sudlardagi komp`yuterlashtirilgan axborot tizimi bazasida sud hukmlari necha yilgacha saqlanishini so'radi.
Uchrashuv davomida mehmonlar o'z savollariga javoblar olishdi.
So'ngra BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyati bo'yicha Xalq qabulxonasi rahbari SH.Uzoqov bilan uchrashdi.
Muloqotda, shuningdek, viloyat Adliya boshqarmasi boshlig'i S.Nuriev va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i SH.Rahimov ishtirok etdi.
Bu yerda mehmon Xalq qabulxonasi faoliyati bilan yanada chuqurroq tanishdi. Unga, ayniqsa, onalar va bolalar xonasidagi shart-sharoitlar maqbul bo'ldi.
“Xalq qabulxonalari g'oyat noyob mexanizm ekan, – dedi D.Garsiya-Sayan. – Kishilar o'z muammolariga yechim izlab poytaxtga ovvora bo'lib qatnashining hojati yo'q. Binobarin, ularning o'z uylariga yaqin manzillarda davlat muassasalariga murojaat qilish uchun eng oson va yengil imkoniyatlar muhayyo etilgan. Bu, o'z navbatida, xalq bilan davlat o'rtasida samimiy muloqot, do'stona munosabat o'rnatilishiga xizmat qiladi. Afsuski, bunday hayotiy va demokratik muassasalar Lotin Amerikasi mamlakatlarida hali mavjud emas. O'zbekiston xalqini ushbu ulkan yutuq bilan qutlayman”.
BMT Maxsus ma'ruzachisi Samarqand tarixiga, bu yerdagi huquqiy ta'lim tizimiga qiziqish bildirdi. Mehmonga Samarqand, umuman, O'zbekiston zaminida yashab o'tgan mashhur faqihlar, xususan, Burhoniddin Marg'inoniyning hayoti va ilmiy faoliyati haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Mehmon o'z vatani bilan O'zbekistonning o'zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikrlar bildirdi. “Peru bilan Samarqand oliy ta'lim muassasalari o'rtasida aloqa o'rnatish va turizm sohasida tajriba almashishni yo'lga qo'yish zarur”, dedi u.
Janob D.Garsiya-Sayan yurtimizga kelgusida sayyoh sifatida ham kelish istagini bildirdi.
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.09.2019
- Ko'rishlar: 5868
- Chop etish