Avval xabar qilinganidek, 2020 yil 10 iyun kuni “BMTning Inson huquqlari kengashi va Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi misolida BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzuida xalqaro parlament forumi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston parlamentarizmi tarixida ilk marta tashkil etilgan ushbu onlay-anjuman tashabbuskorlari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek dunyo parlamentlarining xalqaro nufuzli tashkiloti — Parlamentlararo ittifoq, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi.
Videokonferentsaloqa tarzida o'tkazilgan xalqaro parlament forumida inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda O'zbekiston parlamenti rolini oshirish mavzusi muhokama qilindi. Anjuman ishtirokchilari onlay-muhokamalar yakunida o'zaro hamkorlikda quyidagi taklif va tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikrlashib oldilar:
birinchidan, BMTning 75 yilligini yuksak saviyada nishonlashga qaratilgan tadbirlar turkumi doirasida BMT, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo ittifoq va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirokida "O'zbekiston — BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida hamkorlik" mavzuida yuqori darajadagi xalqaro forum o'tkazish;
ikkinchidan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan Parlamentlararo ittifoq, xususan, mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning Innovatsiya markazi o'rtasida doimiy asosdagi hamkorlikni izchil rivojlantirish;
uchinchidan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda "Pandemiya va inson huquqlari" mavzuida konferentsiya tashkil etish.
Xalqaro parlament forumida shu kabi muhim masalalar yuzasidan O'zbekiston parlamenti palatalari rahbarlari bilan bir qatorda, nufuzli xalqaro tashkilotlar namoyandalari va xalqaro ekspertlarning ma'ruzalari tinglandi. Onlay-muloqotlarda, xususan:
Parlamentlararo ittifoqdan:
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong;
Parlamentlararo ittifoqning Inson huquqlari bo'yicha dasturlari rahbari R.Xyuzenga;
Birlashgan Millatlar Tashkilotidan:
BMTning O'zbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer;
BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Universal davriy hisobot bo'limi boshlig'i Janni Magazeni;
BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha vakolatxonasi boshlig'i Rishar Komenda;
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidan:
YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor;
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining huquqiy masalalar bo'yicha maslahatchisi N.Rajaratnam faol ishtirok etdi.
Muhokamalarda, shuningdek BMT va YEXHT xalqaro eksperti Georgiy Tugushi hamda Yaponiyaning Nagoya universiteti professori A.Fudjimoto qatnashdi.
Anjuman ma'ruzachilarining fikrlari bilan "Xalq so'zi" gazetasining 2020 yil 12 iyun sonida "So'z — anjuman ishtirokchilariga" ruknida e'lon qilingan "Oliy Majlis faoliyati qaysi jihati bilan boshqa davlatlar parlamentlariga namuna bo'ladi?" sarlavhali material orqali tanishish mumkin. Bundan tashqari, "Narodnoe slovo" gazetasining xuddi shu kungi sonida chop etilgan "Олий Мажлис служит примером для законодательных органов" nomli materialda ushbu ma'lumotlarning ruscha matni havola qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.06.2020
- Ko'rishlar: 4440
- Chop etish