Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag'ishlangan ochiq darslar tashkil etilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri 20 noyabr` kuni Toshkent davlat yuridik instituti qoshidagi akademik litseyda bo'lib o'tdi.
Tadbir BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan dasturlar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Ochiq dars Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qoidalari hamda mamlakatimizda bu borada qabul qilinayotgan chora-tadbirlar haqida xabardor qilish maqsadida o'tkazildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Konventsiya moddalari bolaning yashash, farovon turmush sharoitlari, ta'lim olish, ism, fuqarolik, o'z individualligini saqlash huquqlarini, alohida yashaydigan ota-onalari bilan muloqot qilish, o'z qarashlari va fikrlarini erkin ifoda etish imkoniyatlarini tartibga soladi. Konventsiya bolalarga shafqatsizlarcha munosabatda bo'lish, ularni ekspluatatsiya qilish va kamsitishni taqiqlaydi.
Bolalarning huquq va erkinliklariga rioya etish bo'yicha davlat va ota-onalar zimmasiga mas'uliyat yuklangan. Konventsiyaga muvofiq, bolalarga nisbatan qo'llaniladigan barcha xatti-harakatlar bola manfaatlarini a'lo darajada ta'minlash mezoniga ko'ra belgilanishi lozim. Mazkur mezon, shuningdek, ota-onalarning o'z farzandlariga nisbatan munosabatiga ham taalluqlidir.
Ushbu Konventsiya “Bola huquqlarining butunjahon konstitutsiyasi” deb ham ataladi. Chunki u insoniyat tarixidagi bola huquqlari bo'yicha ilk yuridik majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma hisoblanadi. Undagi nizomlar deklarativ xususiyatdan xoli.
O'zbekiston Respublikasi 1992 yilda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilgan va uning normalariga rioya qilish bo'yicha xalqaro majburiyatlarni o'z zimmasiga olgan. Mamlakatimizda yuzdan ziyod qonunlar bolaning muayyan huquq va erkinliklarini tartibga solishga qaratilgan. Xususan, 2008 yil 7 yanvarda “Bola huquqlari kafolatlari to'g'risida”gi qonun kuchga kirdi.
Mazkur sana munosabati bilan joriy yil 17 iyulda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga doir Tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu Dastur doirasida O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi, bolalar huquqlari bilan shug'ullanadigan davlat va nodavlat tuzilmalarning huquq va majburiyatlari, bola huquqlari buzilganda, ularni himoya qilish uslublari va shakllarini tushuntirishga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazilmoqda.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qoidalari, xalqaro standartlar aholi orasida targ'ib etilmoqda. Joylarda bolalar manfaatlari bo'yicha faoliyat yurituvchi tegishli davlat va jamoat tuzilmalari to'g'risida ma'lumot berilmoqda.
Bunda Konventsiya matni, shuningdek, bolani ijtimoiy va madaniy rivojlantirish bo'yicha ta'lim darajasini oshirishga xizmat qiladigan maxsus adabiyotlar, plakatlar va materiallarning o'zbek, qoraqalpoq va rus tillarida chop etilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.11.2019
- Ko'rishlar: 5566
- Chop etish