BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining 2020 yildagi faoliyati hisoboti e'lon qilindi. Hisobotda O'zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlari ijobiy baholangan.
Mamlakatimiz demokratlashtirish, BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi bo'yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish, shuningdek qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish sohalarida erishgan natijalari bilan xalqaro maydonda tez-tez e'tirof etilayotgan ilg'or davlatlar safidan joy olgani ta'kidlangan.
Hisobotda BMT tizimidagi inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi organlarning bir yillik faoliyati bilan bog'liq ma'lumotlar keltirilgan. Koronavirus inqirozi bu boradagi ishlarga salbiy ta'sir ko'rsatgani qayd etilgan.
BMT Oliy komissari O'zbekistonda Ma'ruzalar tayyorlash va BMT tegishli institutlarining tavsiyalarini bajarish bo'yicha milliy mexanizm yaratilganini yuqori baholagan. O'zaro hamkorlikda va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati to'g'risidagi kodeks loyihasiga ham ijobiy baho berilgan.
Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari global alyansi huzurida akkreditatsiyadan o'tgani muhim natijalardan biri sifatida qayd etilgan. Zero, bu qadam amaldagi xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanmish Parij printsiplariga to'la mos keladi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitiga qaramay, mamlakatimizda BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2020 yilda tegishli xizmatlar xodimlarining malaka va salohiyatini oshirish ishlari izchil davom ettirilgani alohida ta'kidlangan. Xususan:
200 ta milliy sub'ekt – karantin choralari amal qilgan sharoitda odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish;
25 nafar huquqshunos – erkinlik huquqi, odil sudlov, qiynoqlardan xoli bo'lish, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish va milliy sudlarda inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro huquq normalarini qo'llash;
sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 400 nafar xodimi – BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi xabarnomalari bilan ishlash tartib-taomillarini o'rganish;
44 nafar mutaxassis – inson huquqlari sohasi bilan shug'ullanadigan fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faoliyati hisobdorligi va monitoringini amalga oshirish borasida tajriba oshirgan;
180 nafar kishi – Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya v Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalda tatbiq etish doirasida o'tkazilgan seminarlarda ishtirok etgan.
O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko'magida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi bo'yicha o'z oraliq ma'ruzasini tayyorlashga erishgan sanoqli davlatlardan biri ekani ham e'tirof etilgan.
Hisobotda ta'kidlanganidek, O'zbekistonda gender tenglik masalasiga ustuvor darajada e'tibor qaratilayotgani munosabati bilan Statistika bo'yicha davlat qo'mitasi tomonidan 2020 yilda ayollarga nisbatan kamsitishlarga doir muammo Ko'p indikatorli kompleks tadqiqotlar ro'yxatiga kiritilgani muhim ahamiyatga ega.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.06.2021
- Ko'rishlar: 4319
- Chop etish