2 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga
barham berish bo'yicha qo'mitasining 100-sessiyasida ishtirok etish uchun Jeneva shahriga tashrif buyurdi.
O'zbekiston delegatsiyasi tarkibi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusova, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Aziz Toshpo'latov hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisi Rustambek Qurbonovdan iborat.
BMTIrqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining 3-4 dekabr kunlari bo'lib o'tadigan sessiyasida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalari bajarilishi yuzasidan O'zbekistonning O'ninchi – O'n ikkinchi qo'shma davriy ma'ruzalari ko'rib chiqiladi. Sessiyada, shuningdek, Kambodja, Kolumbiya, Irlandiya va Isroil davlatlarining bu boradagi davriy ma'ruzalari ham muhokama qilinadi.
Tadbirdan maqsad – ushbu Konventsiya qoidalari bajarilishini ta'minlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdir. Majlis yakunida BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining bu boradagi taklif va tavsiyalari taqdim etiladi.
Ma'lumot uchun: Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mita BMTning shartnomaviy organidir. U Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shug'ullanadi. Bugungi kunda 18 nafar mustaqil ekspert mazkur Qo'mitaning a'zolari hisoblanadi.
Ishtirokchi davlatlarning barchasi tegishli Konventsiyada mustahkamlangan huquqlarning amalga oshirilishi haqida Qo'mitaga muntazam ma'ruzalar taqdim etib boradi. Dastlabki ma'ruza davlat ushbu Konventsiyaga qo'shilganidan so'ng oradan bir yil o'tib taqdim etiladi. Qo'mita har bir ma'ruzani o'rganib chiqib, ishtirokchi davlatga “yakuniy tavsiyalar” mazmunidagi o'z taklif va mulohazalarini bildiradi.
O'zbekiston Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyaga 1995 yil 28 sentyabrda qo'shilgan. Mamlakatimizning Konventsiya ijrosi bo'yicha Birinchi va Ikkinchi davriy ma'ruzalari – BMT Qo'mitasining 2000 yildagi 57-sessiyasida, Uchinchi, To'rtinchi va Beshinchi ma'ruzalari 2006 yildagi 68-sessiyada ko'rib chiqilgan.
Qo'mitaga, shuningdek, O'zbekiston tomonidan 2008 yili – Oltinchi va Yettinchi ma'ruzalar, 2012 yili – Sakkizinchi va To'qqizinchi ma'ruzalar, 2018 yili esa O'ninchi – O'n ikkinchi ma'ruzalar taqdim etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.12.2019
- Ko'rishlar: 5095
- Chop etish