24 noyabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan o'tkazilgan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv modulining navbatdagi mashg'ulotlarida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi rahbar xodimlar ishtirok etdi.
Vebinar shaklidagi BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda hamda Toshkent davlat yuridik universiteti ko'magida tashkil etilmoqda.
Bu boradagi sa'y-harakatlar zamirida davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar to'la bajarilishini ta'minlash maqsadi mujassamdir. Ushbu o'quv kursini tashkil etish tashabbusi joriy yil 30 iyun` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ilgari surilgandi.
Shu asosda o'tgan qisqa davrda maxsus o'quv moduli ishlab chiqildi. O'quv moduli mashg'ulotlari sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlar hamda milliy qonunchilikni sud-huquq tizimida qo'llashga oid amaliy ko'nikmalarini yanada oshirishga mo'ljallangan.
Xalqaro ekspertlar tinglovchilarga O'zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, migrantlar, odam savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish masalalari bilan bu boradagi inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning o'zaro uyg'unligini qiyosiy tahoil qilib berdi.
Ma'lumki, "fuqarosizlik" muammosi keyingi o'n yilliklar davomida xalqaro hamjamiyat faoliyatining muhim sohalaridan biri bo'lib kelmoqda. Shu ma'noda, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyadagi nutqida qayd etilganidek, joriy yilning o'zida 50 ming yurtdoshimizga O'zbekiston fuqaroligi berilgani alohida e'tiborni tortadi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil 22 iyundagi Farmoni bilan qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ham bu yo'nalishda aniq vazifalar belgilangan. Bugungi kunda O'zbekistonning fuqarosizlik holatlariga barham berish borasidagi dadil qadamlai ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Maxsus o'quv moduli tashkilotchilarining fikricha, mashg'ulotlar foydali bo'lishi va yaxshi samara berishi kutilmoqda. Xususan, bugungi vebinar Adliya vazirligi tizimi rahbar shaxslariga adliya organlari faoliyati sifatini xalqaro standartlar darajasida oshirish va menejmentni yaxshilash borasida qo'l kelishi tayin.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.11.2020
- Ko'rishlar: 3851
- Chop etish