Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimiz sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbar xodimlari uchun tashkil etilgan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari davom etmoqda. Shu yil 1 dekabr` kungi mashg'ulotlarda ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirok etdi.
O'quv moduli sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlar hamda milliy qonunchilikni sud-huquq tizimida qo'llashga oid amaliy ko'nikmalarini yanada oshirishga mo'ljallangan.
Ushbu mashg'ulotlar O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari ijrosi doirasida tashkil etilganini alohida ta'kidlash lozim. Jumladan, bu BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalari taqozosidir.
O'quv kursini tashkil etishda xalqaro va milliy hamkorlarimizning munosib hissasi borligi e'tirofga sazovor. Bu o'rinda, birinchi navbatda, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi, BMTning O'zbekistondagi jamoasi hamda YEXHTning Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, shuningdek Toshkent davlat yuridik universitetining ko'magi haqida so'z bormoqda.
Maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarida O'zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, migrantlar, odam savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish qonunchiligi bilan bu boradagi inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning o'zaro uyg'unligi qiyosiy tahlil qilindi.
O'quv moduli doirasida ichki ishlar organlari rahbarlari inson huquqlari sohasi bo'yicha yetakchi milliy va xorijiy ekspertlarning ma'ruzalarini tingladilar. Amaliy mashg'ulotlar va mustaqil ta'lim jarayonida taqdimotlar o'tkazish, test topshirish, o'zaro muloqot, “aqliy hujum”, muammoviy dars kabi pedagogik texnologiyalardan keng foydalanildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.12.2020
- Ko'rishlar: 3774
- Chop etish