17 dekabrInson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv modulining navbatdagi mashg'uloti o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tizimlaridagi rahbar xodimlar ishtirok etdi.
Joriy yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi hamda “Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish va uni bartaraf etish hamda uning uchun jazolash to'g'risida”gi Palermo protokolining 20 yilligi keng nishonlangani ta'kidlandi. O'zbekiston uchun Palermo protokoli talablarini ro'yobga chiqarish muhim vazifalardan biri ekaniga e'tibor qaratildi.
BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2019 yilda O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha Milliy komissiya tashkil etilgani diqqatga loyiqdir.
Davlat rahbarining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yo'l xaritasi”da odam savdosidan jabr ko'rgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi belgilandi. Shu asosda 2020 yil 17 avgustda “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilindi.
Bundan tashqari, tadbirda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot hamkorligida 2015-2020 yillarda YUSAID donorlik ko'magi asosida odam savdosiga qarshi kurashish yo'nalishida muhim tadbirlar amalga oshirilgani haqida atroflicha so'z yuritildi.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning ma'lumotiga ko'ra, jahonda har yili taxminan 3 milliondan ortiq kishi odam savdosining qurboniga aylanmokda. Yiliga 600 mingdan 800 minggacha ayollar va bolalar turli aldov yo'llari bilan chet ellarga olib ketilib, ekspluatatsiya qilish maqsadida sotib yuborilmoqda, shuningdek jinoiy guruhlar uchun odam savdosi juda katta daromad keltiradigan manba bo'lib, u giyohvandlik moddalari va qurol savdosidan keyin uchinchi o'rinni egallamoqda.
Odam savdosi biror-bir davlatni chetlab o'tgan yoki qaysidir davlat ushbu jinoyatdan to'liq himoyalangan deb ayta olmaymiz. Shu sababdan ham O'zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatini tashvishga soluvchi ushbu xavfga birgalikda qarshi kurashish uchun hamkorlikka alohida e'tibor qaratib kelmoqda.
Vebinar shaklidagi mashg'ulot BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda hamda Toshkent davlat yuridik universiteti ko'magida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.12.2020
- Ko'rishlar: 3872
- Chop etish