O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bo'lim va bo'linmalari, hududiy boshqarmalari, transport prokuraturasi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi rahbar xodimlari 20 noyabr kuni o'tkazilgan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarining navbatdagi tinglovchilari bo'ldi.
O'quv mashg'ulotlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda vebinar shaklida tashkil etildi.
Xalqaro ekspertlar ishtirokida o'tkazilgan o'quv moduli mashg'ulotlarida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda unda mustahkamlab qo'yilgan xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining individual murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyoti misolida bu borada BMTning shartnomaviy qo'mitalari bilan hamjihatlikda ishlash va o'zaro hamkorlik qilishning muhimligi ochib berildi.
Ma'lumot uchun: 18 noyabr kuni boshlangan ushbu maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari ijrosi doirasida tashkil etilgan. O'quv moduli mamlakatimiz sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbar xodimlari uchun mo'ljallangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.11.2020
- Ko'rishlar: 3929
- Chop etish