Oliy sud tizimi sud`yalari uchun maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari

27 noyabr kuni o'tkazilgan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimi sud`yalari ishtirok etdi.

Maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari ijrosi doirasida o'tkazilmoqda. Bu BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalari taqozosidir.

Vebinar shaklidagi mashg'ulotlarda O'zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, migrantlar, odam savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish qonunchiligi bilan bu boradagi inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning o'zaro uyg'unligi qiyosiy tahlil  qilindi.

Bunda O'zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro-huquqiy shartnomalardagi tegishli normalar sud`yalar tomonidan sudlov amaliyotida qo'llanilishining ahamiyati, ayni sohadagi bilim va ko'nikmalarni oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Mashg'ulotlar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda hamda Toshkent davlat yuridik universiteti ko'magida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech