O'zbekiston Respublikasi sudyalari 24 noyabr kuni o'tkazilgan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarining navbatdagi tinglovchilari
bo'ldi.
O'quv mashg'ulotlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda vebinar shaklida tashkil etildi.
Xalqaro ekspertlar ishtirokida o'tkazilgan o'quv moduli mashg'ulotlarida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda unda mustahkamlab qo'yilgan xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining individual murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyoti misolida bu borada BMTning shartnomaviy qo'mitalari bilan hamjihatlikda ishlash va o'zaro hamkorlik qilishning muhimligi ochib berildi.
Maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari ijrosi doirasida o'tkazilmoqda. Bu BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalari taqozosidir.
Yaqinda O'zbekiston 1921-1923 yillarga BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylandi. Shu ma'noda, mamlakatimiz sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va malakasini oshirish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O'quv kursida barcha sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarini ikki bosqichda o'qitish ko'zda tutilgan. Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati rahbar xodimlari - jami 2 ming 300 dan ziyod tinglovchini maxsus o'quv moduli mashg'ulotlariga jalb etish rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.11.2020
- Ko'rishlar: 3765
- Chop etish