Inson huquqlari bo'yicha onlayn-viktorina o'tkazildi

9 dekabr kuni "Inson huquqlari haftaligi" doirasida Toshkent davlat yuridik universitetining 2-kurs talabalari o'rtasida inson huquqlari bo'yicha onlayn-viktorina bo'lib o'tdi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Viktorinani Universitet professor-o'qituvchilari Firuza Hamdamova va Jo'rabek Rasulov olib bordi.

Viktorina savollari inson huquqlari sohasiga oid keng qamrovli masalalarga taalluqli bo'ldi. Xususan, 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan boshlab 2020 yilda O'zbekistonda inson huquqlari sohasida qabul qilingan milliy qonun hujjatlari hamda amaliyotdagi oxirgi yangiliklargacha qamrab olindi. 

Viktorina 8 turda tashkil qilindi. Bunda talabalarga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, boshqa xalqaro shartnomalarda o'z aksini topgan inson huquqlari bo'yicha asosiy printsiplar, inson huquqlari bo'yicha xalqaro mexanizmlar, shuningdek sohaga doir milliy qonunchilik normalari va O'zbekistonda faoliyat olib borayotgan inson huquqlari sohasidagi yangi institutlar, O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorligiga doir savollar taqdim etildi.

Viktorina davomida BMTning inson huquqlari bo'yicha shartnomaviy organlari, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi, milliy huquqni himoya qiluvchi institutlar Global al`yansi faoliyatiga, shuningdek O'zbekistonning mazkur tuzilmalar bilan hamkorligiga taalluqli savollar ham muhokama qilindi.

O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchiligi va amaliyoti bilan bog'liq masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Talabalar o'z javoblarida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun, yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolik to'g'risida”gi qonun normalariga batafsil sharhlar berishdi.

Shu bilan birga, Ijtimoiy moslashuv va zo'ravonlik jabrdiydalari uchun reabilitatsiya markazlari, Bolalar ombudsmani, Milliy preventiv mexanizm faoliyati yuzasidan ishtirokchilarning bilimlari sinovdan o'tkazildi. Talabalarga O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi tashabbuslariga oid savollar ham berildi.

Mazkur viktorina talabalarning inson huquqlari bo'yicha bilimlari darajasini oshirishga, O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini chuqur anglashiga, bu borada bilim va tajriba almashishiga, shuningdek inson huquqlariga qiziqishining kuchayishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i O'tkir Ochilov talabalarni  8 dekabr - O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 10 dekabr - Xalqaro inson huquqlari kuni bayramlari bilan tabrikladi. Yoshlarga baxt va omad tiladi.

Viktorina ishtirokchilari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan sertifikatlar va sovg'alar bilan taqdirlandi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech