29 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashdi.
A.Saidov mo''tabar mehmonni qutlar ekan, unga mamlakat parlamenti quyi palatasining asosiy faoliyat yo'nalishlari, xususan, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bo'yicha qo'mita hamda Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi faoliyati haqida ma'lumot berdi.
Parlament faoliyati bilan tanishish asnosida, M.Mekachchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi tuzilganini va uning faoliyatini yuqori baholadi. Mehmon O'zbekiston parlamentining mamlakatdagi shiddatli islohotlar jarayonlariga keng ko'lamda va faol ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan e'tirof etdi.
Uchrashuvda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi bilan imzolangan anglashuv memorandumlari doirasida o'zaro konstruktiv sheriklikni rivojlantirishning istiqboldagi dolzarb masalalari muhokama qilindi.
M.Mekachchi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi bilan O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi yuksak darajasini ma'qullar ekan, inson huquqlari va jamiyatni demokratlashtirishga taalluqli qonun loyihalarini ekspertizadan o'tkazishda ko'maklashishga tayyorligini ta'kidladi.
Ma'lumki, DIIHB tavsiyalarini inobatga olgan holda, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa bir qator qonunlarga o'zgartirishlar kiritildi. Shu munosabat bilan M.Mekachchi O'zbekistonda keyingi davrda erishilgan saylov tartib-taomillarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish darajasiga yuqori baho berdi.
YeXHT DIIHB direktori O'zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini bo'lajak O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hisobga olgan holda yanada takomillashtirish bo'yicha konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
M.Mekachchi O'zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, mamlakatning BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi hamda BMT Qiynoqlarga qarshi konventsiyasiga Fakul`tativ protokolni ratifikatsiya qilishida ko'maklashishga tayyorligini ma'lum qildi. Bunda soha xodimlarining bilim va ko'nikmalarini oshirish maqsadida trening va seminarlar o'tkazish borasida hamkorlik qilish maqsadga muvofiq ekaniga e'tibor qaratildi.
Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. M.Mekachchi O'zbekiston tomoniga Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab global forum va Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazishda ko'maklashishga shayligini bildirdi.
Muloqot yakunida mo''tabar mehmonga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda nashrga tayyorlagan va chop ettirgan yangi kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.04.2021
- Ko'rishlar: 3380
- Chop etish