Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 10 oktyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan mamlakatimizga tashrif buyurgan 20 nafar elchi – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) ishtirokchi mamlakatlarining Vena shahridagi doimiy vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari bilan uchrashdi.
A.Saidov mamlakatimiz bilan YeXHT o'rtasida faol hamkorlik yo'lga qo'yilganini ta'kidladi. O'zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridan mazkur tashkilotga a'zo bo'lgan va uning deyarli barcha faoliyat yo'nalishlarida ishtirok etib kelmoqda. O'zaro rasmiy tashriflar soni izchil ortmoqda.
Xususan, joriy yil may oyida mamlakatimizga YeXHTning amaldagi raisi, Slovakiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak tashrif buyurdi.
Sentyabr` oyida Varshavada bo'lib o'tgan YeXHTning insoniylik mezonlariga oid majburiyatlari bajarilishi muhokamasiga bag'ishlangan 23-yig'ilishida O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari qatnashdi.
Bu yil 22 dekabr kuni mamlakatimizda Parlament va mahalliy Kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlarni birgina YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining uch yuzga yaqin vakili kuzatib borishi kutilmoqda. Shu kunlarda yurtimiz hududlarida YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalar muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda saylov bo'yicha ekspertlar ishtirokida seminar-treninglar tashkil qilinayotgani muhim ekani ta'kidlandi.
Muloqot chog'ida mamlakatda 2017 yili tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi” ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan shiddatli demokratik islohotlar ulkan samaralar berayotgani e'tirof etildi.
O'zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi tomonidan tashkillashtirilgan ushbu delegatsiya a'zolarida, ayniqsa, davlat idoralari bilan xalq o'rtasidagi amaliy muloqotning noyob “nau-xau”si – Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari faoliyati katta taassurot qoldirdi. Ta'kidlanganidek, ushbu tizimga keyingi yillarda kelib tushgan 3 milliondan ziyod murojaatda ko'tarilgan muammolarning hozirga qadar 80 foizidan ortig'i ijobiy hal etilgan.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalar ham ko'rib chiqildi. Kelgusida jamiyatni demokratlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qonun ustuvorligini ta'minlash bo'yicha eng muhim vazifalarni amalga oshirish, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli delegatsiya tashrifi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan YeXHT o'rtasidagi o'zaro hamkorlik munosabatlarini yangi va yuqori bosqichga ko'tarishiga ishonch bildirildi.
Ma'lumot uchun: 2019 yil 24 sentyabrda Nyu-York shahrida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan YEXHT Bosh kotibi Tomas Greminger o'rtasida bo'lib o'tgan suhbat chog'ida ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga sodiqlik tasdiqlangan, deyiladi vazirlik sayti xabarida.
Uchrashuvda O'zbekiston va YeXHT o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bilan bog'liq boshqa masalalar ham ko'rib chiqilgan.
Tomas Greminger dekabr` oyidagi bo'lajak parlament saylovini xalqaro demokratik standartlarga to'liq mos ravishda shaffoflikni ta'minlagan holda va adolatli o'tkazish bo'yicha O'zbekiston rahbariyatining sa'y-harakatlarini olqishlagan. YeXHTning Bosh kotibi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byuro mamlakatga xalqaro kuzatuvchilar sifatida birinchi marta to'laqonli delegatsiyani jo'natishga tayyor ekanini ma'lum qilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.10.2019
- Ko'rishlar: 5553
- Chop etish